AsosiyDunyo

Qirg`izistonda un va makaronlarning olib chiqib ketilishi taqiqlandi

'Qirg`izistonda un va makaronlarning olib chiqib ketilishi taqiqlandi'ning rasmi

Qirg`iziston hukumati respublikadan ayrim tovarlarning olib chiqib ketilishiga vaqtincha taqiq o`rnatdi. Ular orasidan un va marakonlar, shuningdek, dezinfeksiya mahsulotlari o`rin olgan. Tegishli qaror bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziev tomonidan imzolandi.

Olib chiqib ketilishiga taqiq o`rnatilgan mahsulotlar ro`yxatidan bug`doy, un, o`simlik yog`i, shakar, tuxum, guruch, makaron mahsulotlari, dezinfeksiya qiluvchi va antibakterial vositalar, salfetkalar, shuningdek, kombikorm va bug`doy kepagi o`rin olgan.

Iqtisodiyot vazirligiga joriy etilgan taqiq haqida Evrosiyo iqtisodiy komissiyasini ogohlantirish vazifasi topshirilgan. Bu kabi qaror ichki bozorni barqarorlashtirish uchun qabul qilingan. Hukumat mahsulotlar taqchilligi yuzaga kelmasligini va`da qilayotgan bo`lsa-da, Bishkek do`konlarida mart oyining o`rtalaridan boshlab un, shakar, makaron va o`simlik yog`iga bo`lgan talab ortgan.

Qirg`izistonda tibbiyot niqoblarini olib chiqib ketish yanvar oyidayoq taqiqlangan. Mamlakatda 16 martdan boshlab barcha maktablar va oliy ta`lim muassasalari 3 haftaga karantinga yopilgan. Shuningdek, mamlakat hukumati koronavirus qayd etilgan davlatlarga borgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo`ygan. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, Qirg`izistonda 6 kishida koronavirus aaniqlangan.

    Boshqa yangiliklar