AsosiyDunyo

Zelenskiy: Agar saylovlar o‘tkazish uchun harbiy holat to‘xtatilsa, armiyani yo‘qotamiz

Bu haqda Ukraina davlati rahbari Britaniyaning ITV News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

'Zelenskiy: Agar saylovlar o‘tkazish uchun harbiy holat to‘xtatilsa, armiyani yo‘qotamiz'ning rasmi

Zelenskiy: Agar saylovlar o‘tkazish uchun harbiy holat to‘xtatilsa, armiyani yo‘qotamiz

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy agar saylovlar uchun harbiy holat bekor qilinsa, Ukraina o‘z armiyasini yo‘qotishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, saylov masalasi aynan Rossiya tomonidan ko‘tarilmoqda.

Bu haqda Ukraina davlati rahbari Britaniyaning ITV News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan, deb yozadi “Ukrinform” axborot agentligi.

“Xalqimiz urush paytida saylovlar o‘tkazilishiga qarshi, chunki nima bo‘lishini hamma tushunadi. Men saylovlardan qo‘rqmayman, lekin saylovlar qanday o‘tadi? Buning uchun harbiy holatni tugatishimiz yoki uni to‘xtatib turishimiz kerak. Agar biz harbiy holatni to‘xtatsak, armiyani yo‘qotishimiz mumkin. Va ruslar xursand bo‘lishadi, chunki jangovar ruh va qobiliyat masalalari yo‘qoladi. Bundan tashqari, bunday armiyani saqlab qolish qonuniy jihatdan mumkin emas. Bu haqiqat. Odamlar uylariga qaytadilar va ular bunday qilishga qonuniy huquqqa ega bo‘ladilar. Bu, shubhasiz, Rossiya tomonidan qarshi hujum harakatlari uchun asos sifatida foydalaniladi”, dedi Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, "saylov mavzusini ruslar ko‘tarmoqda, chunki ular Ukraina tepasiga o‘z odamini qo‘yishni istayapti".

Prezident, shuningdek, har bir fuqaroning saylovda ishtirok etishini ta’minlash mumkin emasligini ta’kidladi.

“Harbiylar qanday ovoz berishadi? Texnik jihatdan bu juda qiyin. Ularsiz ovoz berish adolatsiz bo‘lardi. Demokratiyani himoya qilayotganlar saylovlarda ovoz bera olmasa, qanday demokratiya haqida gapirish mumkin? Chet elga chiqib ketgan millionlab odamlar haqida nima deyish mumkin? Xorijda sakkiz million odam bor va ular uchun zarur infratuzilmani yaratish zarur. Va Rossiya bosib olgan Ukraina yerlarida yashovchi millionlab odamlar haqida nima deyish mumkin?”, deya ta’kidlagan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy, hatto ovoz berishdan keyin ham, Rossiya “bu saylovlar noqonuniy bo‘lgan” deb da’vo qilishiga ishonishini qo‘shimcha qildi.

“Rossiya chet elda yurganlar saylovda ovoz bermaganliklarini da’vo qiladi. Vaqtinchalik bosib olingan, ruslar nazorati ostidagi hududlarda xalq qanday qilib halol ovoz berishi mumkin? Bu xuddi Qrimdagi kabi referendum bo‘ladi”, — dedi prezident.

Uning fikricha, ruslar "Ukrainada to‘liq beqarorlik" yuzaga kelishiga intilmoqda.

“Ukrinform” xabar berishicha, United News telemarafoniga bergan intervyusida prezident Vladimir Zelenskiy, saylov o‘tkazishning asosiy sharti - Ukrainada harbiy holatni bekor qilish ekanligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Tramp Rossiya prezidentini muzokaralar o‘tkazishga qistay boshlagach, Putin Zelenskiy bilan yuzma-yuz uchrashmaslik uchun yangi bahona topdi: Ukrainada Zelenskiyning prezidentlik muddati tugasa ham prezident saylovlari o‘tkazilmadi, demakki Zelenskiy nolegitim rahbar, men noqonuniy rahbar bilan uchrashmayman, deya bayonot berdi. 

Lekin Ukraina qonunlariga ko‘ra, mamlakatda urush holati e’lon qilinsa, saylovlar o‘tkazish mumkin emas.

Ma’lumot uchun, Putining o‘zi konstitutsiyada ko‘rsatilgan 2 muddatni 2000-2008 yillarda o‘tab bo‘lgach, 2008-2012 yillarda Medvedev bilan vaqtincha “o‘rin almashib”, Bosh vazir bo‘lib turdi. Keyin esa turli qalbaki referendum va saylovlar hamda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish orqali 2012 yildan beri 3-, 4-, 5-prezidentlik muddatlarini o‘tkazib kelmoqda. Putin umumiy hisobda amalda 23 yildan beri Rossiya tepasida qolayapti.

                                              Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar