Germaniyada afg‘onistonlik muhojir odamlar ustiga mashina haydadi
Myunxen shahrida avtomobil odamlar guruhiga urilib, kamida 27 kishi jabrlandi:
Myunxen shahrida Mini Cooper avtomobili odamlar guruhiga urilib, kamida 27 kishi jarohat oldi. Ikki nafar jabrlanuvchi juda og‘ir ahvolda, bir bola hayoti uchun xavf ostida qolmoqda. Haydovchi – 24 yoshli afg‘onlik muhojir – politsiya tomonidan hibsga olindi.
Ilk tafsilotlar
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, afg‘onistonlik haydovchi avval giyohvand moddalar va o‘g‘irlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun politsiya bazasida ro‘yxatda turgan muhojir bo‘lgan.
Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder (58, CSU) hodisa haqida shunday dedi: "Bu – dastlabki taxminlarimizga ko‘ra terrorchilik hodisasi. Bu hujum Germaniyada nimadir o‘zgarishlar qilish kerakligini ko‘rsatadi – va bu tezda amalga oshirilishi lozim!". U shuningdek, “yanvarda Ashxaffenburgdagi voqea yuz bergandi va endi Myunxendagi hodisa – bu juda og‘riqli. Bas, bunga chek qo‘yish kerak” degan.
Haydovchi hodisadan oldin tezlikni oshirganmi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, soat 10:30 atrofida Mini Cooper haydovchisi gazni bosib, Seydlshtrasse ko‘chasidagi 1000dan ortiq namoyishchilar guruhi ustiga haydagan.
Bir namoyishchi Bayerischer Rundfunk telekanaliga shunday deya intervyu berdi: "Men namoyishchilar orasida edim va bir odamning mashina ostida qolganini ko‘rdim. Avtomobil eshigini ochmoqchi bo‘ldim, ammo u qulflangan edi".
Shundan so‘ng politsiya voqea joyiga yetib kelib, avtomobilning oynasiga o‘q uzdi. Politsiya rahbarining matbuot anjumanida aytishicha, "Avtomobil orqadan yig‘ilishga yaqinlashib, to‘g‘ri odamlar ustidan bosib o‘tgan. Politsiya unga o‘q uzgan".
Voqega guvoh bo‘lgan shaxslardan birining aytishicha, «Mini” avtomobili uning ko‘z o‘ngida bir ayol va bolani urib yuborgan. Ona va bola avtomobil ostida qolib ketgan.
Myunxen shahar meri Diter Rayter (BILD nashriga shunday bayonot berdi:
"Politsiya rahbari meni hozirgina xabardor qildi: avtomobil odamlar guruhiga urilib, ko‘plab jabrlanganlar bor, ular orasida bolalar ham bor. Bu holat meni qattiq to‘lqinlantirdi. Qalbim jabrlanganlar bilan".
Abdulloh Sayyid