Avval xabar berilganidek, “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko`ra, koronavirusni yuqtirish xavfi darajasiga qarab, koronavirus aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda va muloqotda bo`lgan shaxslarga bo`linadi.
Koronavirus aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo`lgan shaxslar doirasiga quyidagilar kiradi:
* koronavirus aniqlangan shaxs bilan bitta xonadonda yashagan shaxs;
* koronavirus aniqlangan shaxs bilan bevosita jismoniy muloqotda (qo`l siqish, quchoqlashish) bo`lgan shaxs;
* koronavirus aniqlangan shaxs bilan muloqotda (masalan, yo`talayotganda) himoyalanmagan shaxs;
* koronavirus aniqlangan shaxs bilan 2 metrdan kam masofada 15 daqiqadan ko`proq vaqt davomida yuzma-yuz bo`lgan shaxs;
* 15 daqiqa yoki undan ko`proq vaqt 2 metrdan kam masofada koronavirus aniqlangan shaxs bilan birga yopiq joyda bo`lgan shaxs;
* tibbiy mutaxassis yoki koronavirus aniqlangan shaxsni bevosita parvarishlagan boshqa shaxs yoki shaxsiy himoya vositalarisiz yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzgan holda koronavirus aniqlangan shaxsning bionamunalari bilan ishlagan laboratoriya mutaxassislari;
* samolyotda, shaharlararo avtobusda, poezdda koronavirus aniqlangan shaxsdan har qanday yo`nalishda ikki o`rindiq oralig`ida yoki bitta kupeda (poezdda) bo`lgan, shuningdek, koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs uchib ketgan samolyotda xizmat ko`rsatgan ekipaj a`zolari.
Koronavirus aniqlangan shaxslar bilan yaqin muloqotda bo`lgan shaxslar provizor gospital yoki izolyatorga joylashtiriladi.
Koronavirus aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo`lgan shaxslar doirasiga koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar bilan bir samolyotda, poezdda, avtobusda bo`lgan, ammo ular bilan yaqin muloqot qilmagan shaxslar kiradi.
Koronavirus aniqlangan shaxslar bilan muloqotda bo`lgan shaxslar uy karantinida saqlanadilar.