Sanksiyalar va xalqaro ihotalangani bois G‘arb bilan iqtisodiy aloqalari cheklangan Rossiya endi Afg‘oniston bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘lyapti. Jumladan, Afg‘onistondan gazlangan ichimliklar, energetiklar, ziravorlar, sabzavotlar, qimmatbaho toshlar va metallurgiya xomashyosini import qilishni boshladi. Bu haqda Kabuldagi Rossiya elchisi Dmitriy Jirnov ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston, avvalo, Rossiyaga quruq mevalar, mayiz eksport qilmoqda. Shuningdek, rossiyaliklar afg‘on sabzavotlari va uzumlarini ham xarid qilayotgani, biroq hozircha oz miqdorda ekani ta’kidlandi.
«Janubiy Afg‘onistondan anor yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi — ularning o‘lchami ikki mushtdek katta. Rossiyada afg‘on za’faroni bilan tanisha boshlandi. Uni Sharqning “qizil oltini” deb atashadi», — deya maqtagan diplomat.
Unga ko‘ra, Afg‘onsiton, shuningdek, Rossiyaga xrom ma’danlari, konsentratlar, minerallar, yoqut va zumradlar ham yetkazib bermoqda.
«Rossiya afg‘on ziravorlari, gazlangan va energetik ichimliklari hamda dorivor o‘tlar import qilmoqda», — deya ta’kidlagan elchi Jirnov.
Shuningdek, Afg‘oniston Rossiyaga palov pishiriladigan uchun qozonlar ham yubormoqda.
Avvalroq Jirnov ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash bir necha barobar oshganini bildirgan edi.
Bundan oldin esa Putin Afg‘oniston bilan munosabatlarni rivojlantirishga umid bildirgan.
Abdulloh Sayyid