AsosiyDunyo

Ispaniya koronovirusga chalinganlar va qurbonlar soni jihatidan ikkinchi o`rinda. Yoxud bu balodan qutulishda kim kanday hissa qo`shmoqda

'Ispaniya koronovirusga chalinganlar va qurbonlar soni jihatidan ikkinchi o`rinda. Yoxud bu balodan qutulishda kim kanday hissa qo`shmoqda'ning rasmi

Koronovirusga chalinganlar va qurbonlar soni jihatidan Ispaniya Evropada Italiyadan keyin ikkinchi o`rinni egallab turibdi. Bugun, 24 mart holatiga ko`ra mamlakatda kasallika chalinganlar 35136 kishini tashkil etib, 2311 kishi qurbon bo`lgan. Oxirgi sutka davomida bu mudhish kasallikka chalinganlar soni 16 foizga ko`paygan va 462 kishi hayotdan ko`z yumgan bo`lib, bu Ispaniyada epidemiya tarqalgandan beri eng yuqori ko`rsatkichdir. 

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, kasalxonalardagi vaziyat juda og`ir, joylar mutlaqo etishmaganidan yo`tal tutgan bemorlar shunday koridorlarda o`tirgan va yotgan holatda kunlab shifokor yordamini kutishga majbur bo`lishmoqda. Vrachlar va tibbiyot xodimlari o`z imkoniyatlarini batamom sarflab bo`lishgan, “Tez yordam” bo`limlariga qabul qilish mumkin bo`lgandan uch-to`rt barobar ko`p bemorlar kelib tushmoqda.

Granada kasalxonasi “Tez yordam” vrachi Xesus Kandel o`zining YouTube kanalida hukumatni yanada keskin choralar ko`rishga, aholini esa vaziyatga jiddiy qarash va karantin talablariga qat`iy rioya qilishga chaqirmoqda. Uning aytishicha, organizmga bir marta virus tushish bilan ko`p marta virus yuqtirishning farqi bor. Ko`cha-kuyda kimdir sizga virusni yuqtirishi mumkin, boshqa joyda yana kimdandir ikkinchi, uchinchi marta virus yuqtirib olishingiz mumkin. Ya`ni, qancha ko`p odam bilan muloqatga kirishsangiz, virusga chalinishinigiz ehtimoli kuchayishi bilan birga, sizning kasalligingiz og`ir kechishi ehtimoli ham ortadi.

Ko`pchilikning bunday og`ir vaziyatda tibbiyot xodimlariga qanday yordam berish mumkin degan savoliga, “Siz faqat karantin talablariga qat`iy rioya qilib, o`z uyingizdan chiqmaygina yordam berishingiz mumkin”,deydi Granadalik vrach.

22 mart kuni Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches mamlakatda o`ta qattiq tartibdagi umummilliy karantin joriy etilganini e`lon qildi. 14 martda e`lon qilingan va 29 martgacha davom etishi kutilgan favquloda holat 15 aprelgacha uzaytirildi. Aholiga zaruratsiz uydan chiqish taqiqlangan, faqat oziq-ovqat va dori-darmon sotib olish uchun ko`chaga chiqishga yo`l qo`yiladi. O`quv dargohlari, bog`chalar mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish tizimi yopilgan. Mamlakatga boshqa mamlakatlardan keluvchilar uchun cheklovlar o`rnatilgan. Karantin talablarini buzganlik uchun 100 evrodan 600 ming evrogacha jarima qo`llanishi, shuningdek bir yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Bosh vazir yaqin kunlarda virusga chalinish va qurbonlar soni ko`payib borishini aytib, kelayotgan og`ir kunlarga aholini ruhan tayyor bo`lishga chaqirdi. Uning aytishicha, Ispaniya xalqaro ekspertlar tavsiyalariga amal qilib, vaqtdan yutish va virus tarqalishi darajasini pasaytirish uchun Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti strategiyasini qo`llamoqda. Murakab vaziyat tufayli armiya harakatga shay holatga keltirilgan. Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles qariyalar uylarini zararsizlantirish bilan shug`ullanayotgan harbiylar qarovsiz qolgan va o`z to`shagida koronovirusdan vafot etgan keksalarni topishayotganini aytgan. Hozir 3 mingga yaqin favqulodda vaziyatlar qismlari harbiylari portlar, aeroportlar, davlat muassasalari, qariyalar uylari, ko`chalar va maydonlarni zararsizlantirish bilan shug`ullanishmoqda.

Biroq, ko`rilgan choralarga qaramay, Ispaniya koronivirusdan eng ko`p zarar ko`rayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Favqulodda holat qattiq intizom o`rnatilishini talab qiladi. Karantin talablari ijrosini ta`minlash uchun barcha polisiya va bir qator armiya qismlari jalb qilingan.

Madrid universiteti huquq professori Antonio Sabala Rieraning aytishicha, favqullodda holat e`lon qilingan birinchi kunning o`zida o`nlab o`rnatilgan tartibni buzish holatlar aniqlangan. 

Ma`lumki, Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsifiga ko`ra, bir mintaqada kutilmaganda kasallik tarqalishi epidemiya atalib, yangi kasallikni butun dunyo bo`ylab tarqalishi pandemiya deb hisoblanadi. Sog`liqni saqlash sohasi mutaxasislari va tegishli ekspertlarning fikriga ko`ra, hozir dunyo bo`ylab avj olgan koronovirus kasalligi insoniyat tarixidagi so`ngi yuz yillikda uchragan eng jiddiy muammolardan biridir. Bir qator Evropa davlatlari rahbarlari koronovirus kasalligi evropa mintaqasida jahon urushidan keyingi eng og`ir sinovlardan biri ekanini ta`kidlashmoqda.

Bugun dunyoning deyarli barcha mintaqalarida millonlab odamlar o`zlarining turmush tarzi tubdan o`zgarib ketganiga guvoh bo`lib turishibdi. Yuzaga kelgan vaziyatda virus tarqalishini kamaytirish va uni oldini olish uchun barcha davlatlar tomonidan qat`iy chora-tadbirlar ko`rilishi talab etiladi. Bu xavfli kasallikni engish yo`lida davlat organlari va sog`liqni saqlash tizimlari tomonidan ko`rilayotgan tadbirlarda aholining barcha qatlamlari va keng jamoatchilikning faol ishtirok etishi juda muhimdir. “Bu masalani menga aloqasi yo`q” deb o`ylash mutlaqo xatodir.

O`z vaqtida kerakli chora-tadbirlarni ko`rish pandemiyaga qarshi kurashga o`z ta`sirini ko`rsatishi aniq. Agar barchamiz bir tanu bir jon bo`lib o`zimiz va yaqinlarimiz salomatligiga alohida e`tibor qaratsak, aholi salomatligini saqlash boshqa hamma narsadan muhim ekanini anglasak, biz bu og`ir va murakkab vaziyatdan sharaf bilan chiqishimiz mumkin. Bugungi kunda barcha mamlakatlar va xalqlarning pirovard maqsadi koronovirus tarqalishini oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolishdan iboratdir. 

Tarixdan ma`lumki, bunday murakkab vaziyatlar odamlarning ezgu maqsad yo`lida jipslashuvi, mamlakatda ko`rilayotgan chora-tadbirlar mohiyatini to`g`ri anglab etish va ularni amalga oshirishda keng jamotchilikning faol ishtiroki yordamida engib o`tiladi. Hamma davrlarda boshiga og`ir kun tushgan va ehtiyojmand kishilarga yordam qo`lini cho`zishga tayyor bo`lgan sahovatli insonlar bo`lgan. Hozirgi kunda ham ko`plab insonlar hayotiga tahdid solayotgan kasallikni oldini olish sohasidagi davlat idoralari va sog`liqni saqlash tizimilarining amaliy ishlarini qo`llab quvvatlash istagida bo`lgan shaxslar ko`pchilikni tashkil etmoqda.

Masalan, kasallikka chalinganlarning ko`pchilik qismi aniqlangan Madriddagi mehmonxonalar ma`muriyati o`z binolarini kasallarni joylashtirish uchun berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

R. Levandovski, F.Totti, K.Ronaldu singari mashhur sport yulduzlari koronovirusga qarshi kurashish, tibbiyot uskunalari, dori darmonlar sotib olish uchun katta mablag`lar ajratishmoqda.

Xabarlarga ko`ra, Armanistonda koronovirusga qarshi kurashda sog`liqni saqlash tizimi tadbirlarini qo`llab-quvvatlash uchun maxsus ochilgan hisobga dastlabki kunning o`zida aholidan 20 ming dollardan ortiq mablag` kelib tushgan.

Qo`shni Qozog`istonda shu maqsadda tashkil etilgan “Birgamiz” deb nomlangan jamg`armaga qisqa muddatda 40 million dollardan ko`proq mablag` yig`ilgani ma`lum qilinmoqda.

Hozirgi vaqtda mintaqamizda va dunyo maydonida yuzaga kelgan vaziyat bizning mamlakatimizda ham shu maqsadga qaratilgan maxsus jamg`armani tashkil etish masalasini kun tartibiga qo`ymoqda. “Arg`amchiga qil quvvat” degan maqolning xalqimiz tilida va dilida ming yillardan beri yashab kelayotgani bejiz emas. Xavfli kasallika qarshi kurashning oldingi marralarida turgan insonlarning amaliy ishlarini qo`llab-quvvatlash, ularni zarur tibbiyot uskunalari, dori-darmon vositalari bilan ta`minlashga imkon darajasida hissa qo`shishga tayyor bo`lgan insonlar bizning yurtimizda ham etarli ekaniga ishonamiz.

Anvar Eminov, tahlilchi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar