Surxondaryo viloyatida 18 yoshli yigit o‘z pochchasini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi yigit opasi, singlisi, xolasi va pochchasi bilan birga yashab kelgan. Kunlarning birida pochcha uyga mast holatda kirib kelgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, dastlab erkak yigitni qo‘li bilan bo‘g‘gan, so‘ng yigit pochchasiga o‘tkir tig‘li jism bilan jarohat yetkazgan. Oqibatda erkak voqea joyida vafot etgan.
Sud majlisida yigit pochchasi unga va oilasiga doimiy ravishda tazyiq o‘tkazib kelganini aytgan va aybiga qisman iqror bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida mazkur jinoyat yuzasidan sud ishi ko‘rib chiqildi va sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 7 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.