AsosiyDunyo

AQSH Suriyaga 70 dan ortiq aviazarba berdi

AQSH Bashar Asad rejimi qulagach, “terrorchilar yana paydo bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun” zarba berdi.

'AQSH Suriyaga 70 dan ortiq aviazarba berdi'ning rasmi

AQSH Suriyadagi ISHID aniqlangan nishonlarga jangovar samolyotlar bilan 70 ga yaqin yuqori aniqlikdagi zarbalar berganini e’lon qildi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) o‘zining X sahifasida xabar berdi.

“ISHID rahbarlari, operativlari va lagerlariga qarshi amalga oshirilgan hujumlar terrorist guruhining tashqi operatsiyalarni o‘tkazishiga to‘sqinlik qilish va markaziy Suriya hududida ISHIDning qayta tashkil topishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davom etayotgan missiyaning bir qismi sifatida o‘tkazildi”, deyiladi hisobotda.

CENTCOM'ning qo‘shimcha qilishicha, havo hujumlari oqibatida 75 ga yaqin nishon zarar ko‘rgan.

Zarbalar AQSH havo kuchlarining B-52, F-15 va A-10 samolyotlari ishtirokida amalga oshirilgan. Jangovar zarba baholari hozirda o‘rganilmoqda va qurbonlar haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 noyabr kuni "Xayat Tahrir ash-Shom” guruhi tuzilmalari va uning ittifoqchilari Suriya hukumat kuchlari pozitsiyalariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlagandi. 7 dekabr oqshomida Asad muxoliflari Halab, Hama, Dayr-az-Zor, Dar’a va Homs shaharlarini egallagan. 8 dekabr kuni ertalab ular Damashqqa kirib kelgan, shundan so‘ng Suriya armiyasi bo‘linmalari shaharni tark etgan. Respublika Bosh vaziri Muhammad G‘ozi Al-Jaloliy 7 dekabr kuni kechqurun Asad bilan oxirgi marta gaplashganini va vaziyatdan xabardor qilganini aytgan.

    Boshqa yangiliklar