Eronda koronavirusning oldini olish uchun metil spirti ichib 300 nafar fuqaro vafot etdi va mingdan oshiq kishi zaharlandi. Bu haqda CentralAsia xabar berdi.
Eronda metanol koronavirusning oldini olishi va bemorlarni tuzatishi haqidagi yolg`on xabarlar tarqalmoqda. Ular Britaniyaning Daily Mail nashri bergan feyk xabarga asoslangan holda tarqatilmoqda.
Shu sababli ko`plab eronliklar virusni engish umidida tarkibida metanol bo`lgan kimyoviy vositalar – antifriz, suyultirgich (rastvoritel) va avtomobil yonilg`isi qabul qila boshlashgan. Bu esa yuzlab qurbonlarga va minglab odamlarning jiddiy zaharlanishiga olib kelgan. Bu vositani qabul qilish oqibatida yuzlab odamlar ko`r bo`lib qolayotgani aytilmoqda.
Eslatib o`tamiz: 10 ml metanolning (metil spirti) ichga qabul qilinishi og`ir zaharlanishga, 80-150 ml esa o`limga olib keladi. Zaharlanish bir necha soat ichida avj oladi.
Metanoldan zaharlanishning eng engil shakli bosh og`rig`i, holsizlik, ko`ngil aynash va qayt qilish bilan kechadi. Organizmda metanol zaharli birikma - formaldegidgacha oksidlanadi. Metil spirti hid va ta`m bo`yicha iste`mol uchun qo`llanadigan etil spirtidan farq qilmaydi. Undan zaharlanishda antidot sifatida etil spirti qo`llanadi.