AsosiyJamiyat

Avtotransport harakatiga cheklov bizga nima beradi?

'Avtotransport harakatiga cheklov bizga nima beradi?'ning rasmi

Shu kunlarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida turli cheklovlar joriy etilmoqda. So`nggi kunlarda katta shaharlarda va viloyat markazlarida avtotransport vositalari harakatiga o`rnatilgan cheklovlar ayniqsa qizg`in muhokama va bahslarga sabab bo`lmoqda. Adliya vazirligi bo`lim boshlig`i G`aybullo Primov Darakchi bilan suhbatda ana shu mavzuda o`z mulohazalarini bildirdi.

— 2017 yildagi ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda har 1000 kishiga 83 ta avtomobil to`g`ri kelgan. Hozirda bu raqam yanada ortgan. Taxminlarga ko`ra, mamlakatimizda 
2 milliondan ortiq avtomobil mavjud . 

So`nggi 10 yilda shaxsiy avtomobillar soni 125 mingga oshdi va bugungi kunda Toshkent shahrida ro`yxatdan o`tkazilgan avtomobillar soni 434 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Bunda, kuniga 
300 mingta transport vositalari poytaxtga kiradi va chiqadi.

Ko`chalarimizda bugungi kunda harakatlanayotgan 100 ming avtotransportning atigi 1000 tasi (0,01%) virus tashuvchi bo`lsa ham, biz avtotransport harakatini cheklash orqali epidemiya tarqalishini qanchalik jilovlashimiz mumkinligini tasavvur qiling. Bu shartli ravishda olingan mingta avtomobil yana qancha odamlarni, ular esa o`z navbatida yana qancha tanish-bilish hamda qarindoshlarining kasallanishiga sababchi bo`lishi mumkin edi. 

Harakatlanyotgan avtomobil, ayniqsa u taksi bo`lsa, nafaqat virus tashiydi, baki ko`plab insonlarga virus yuqtirish makoniga ham aylanadi. Bitta taksiga bir kunda nechta odam chiqadi va yo`lovchilardan bittasi virus tashuvchi bo`lsa ham, shu taksiga undan keyin chiqqan qanchadan qancha insonlarga virus yuqishiga sharoit yaraladi.

Avtotransport harakatiga qo`yilgan chekovning yana bir maqsadi, insonlarning harakatlanishini kamaytirish, ularni uyda qolishini ta`minlashdir. Endi uzoqroq masofaga bir zumda etib olish imkoni bo`lmagach, fuqarolar uydan kamroq chiqadilar.

Bu tajriba Xitoy, Albaniya, Peru kabi mamlakatlarda o`zini oqladi va samaraliligini ko`rsatdi. Masalan, virus tarqalgan Xitoyning Uxan viloyatida faqat tibbiyot, polisiya va oziq-ovqat tashuvchi avtomobillarga ruxsat berilishi oqibatida qanday ijobiy natijalarga ershilganini ko`rib turibmiz.

Albatta, ushbu tartib o`ziga yarasha noqulayliklarni tug`diradi. Lekin hozirgi kunda bu koronavirusga qarshi eng maqbul va samarali yo`ldir. Shuning uchun barchamiz yangi talablarga moslashishimiz zarur, ishlab chiqaruvchilar ham, tadbirkorlar ham, oddiy fuqarolar ham.

Shaxsiy hayot va huquqlar hamda jamiyat, millat manfaatlarini taroziga soladigan bo`lsak ham, qaysi tomon ustunligi yaqqol ko`zga tashlanadi. Ushbu sharoitda jamiyat manfaatlari va kelajagi har doim birinchi o`rinda turadi.

Cheklov joriy etilganining uchinchi kuni shahar ko`chalarida avtotransportlar oqimi bir necha baravarga kamayganini ko`rish mumkin. Ilgarigidek tirbandliklar, chorrahalarda bir necha qator bo`lib yashil chiroq yonishini kutayotgan betoqat haydovchilar yo`q. Asosiysi, harakatlanish keskin kamaydi, demak virus tarqalishi ham kamayadi.

Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan ushbu vaqtinchalik cheklov tadbirlari ekanini tushunib, ongli ravishda cheklovlarga bo`ysunishlari va virusga qarshi kurash kampaniyasini ham ma`nan, ham amalda qo`llab-quvvatlashlari naqadar muhim ekanini eslatib o`tish joiz. Biz qanchalik bir-birimizni qo`llasak va tushunsak, virus shunchalik zaiflashadi va tez orada engiladi.

 

    Boshqa yangiliklar