AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev koronavirus mavzusiga bag`ishlangan videoanjuman tarzidagi sammitda ishtirok etadi

'Shavkat Mirziyoev koronavirus mavzusiga bag`ishlangan videoanjuman tarzidagi sammitda ishtirok etadi'ning rasmi

Bugun, 10 aprel kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus taraqalishiga qarshi kurashishda umumiy sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirishga bag`ishlab videoanjuman tarzida o`tkaziladigan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi.

Tadbir tashkilotda raislik qilayotgan Ozarbayjon tashabbusi bilan tashkil etilmoqda. Unda Turkiy kengashga a`zo beshta davlat – Ozarbayjon Respublikasi, Qozog`iston Respublikasi, Qirg`iz Respublikasi, Turkiya Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi rahbarlari, shuningdek, Turkmaniston Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri ishtirok etishi ko`zda tutilgan.

Videoanjumanga Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning ham ulanishi kutilmoqda.

Kun tartibiga muvofiq, tomonlar koronavirus pandemiyasi tarqalishiga yo`l qo`ymaslik borasida amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashadilar.

Ushbu xavfli yuqumli kasallikka qarshi kurashish maqsadida hamkorlikning asosiy yo`nalishlari muhokama qilinadi hamda mamlakatlar sog`liqni saqlash vazirliklari va boshqa vakolatli idoralari o`rtasidagi sheriklikning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Global epidemiologik inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy, investisiya va transport-kommunikasiya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor loyihalarini yanada ilgari surish masalalariga alohida e`tibor qaratiladi.

Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammiti yakunida Qo`shma deklarasiya qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Boshqa yangiliklar