1

“Biz birgalikda ko`p narsaga qodirmiz”. Shavkat Mirziyoev Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi

Siyosat 10.04.2020, 22:01
“Biz birgalikda ko`p narsaga qodirmiz”. Shavkat Mirziyoev Turkiy kengashning navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi

Bugun, 10 aprel kuni Shavkat Mirziyoev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa`y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o`tkazilgan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi, deya xabar qildi Prezident matbuot xizmati.

Tadbir Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev raisligida o`tdi. Unda, shuningdek, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an, Qirg`iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hamda kengash bosh kotibi Bag`dat Amreev va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, pandemiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatlarimizda ko`rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida fikr almashildi. Tomonlar epidemiologik nazoratni ta`minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilish, murakkkab sharoitda iqtisodiyot tarmoqlari va biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan kompleks tadbirlar to`g`risida ma`lumot berdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan mislsiz kurash tajribasi bilan o`rtoqlashdi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi samarali kurashish bo`yicha ta`sirchan amaliy choralar ko`rish maqsadida qator aniq takliflarni ilgari surdi, shu jumladan:

- Turkiy kengash doirasida epidemiologik holatni monitoring, tahlil qilish va uning rivojlanishini prognozlash bo`yicha doimiy faoliyat yurituvchi tizim yaratish;

- xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, diagnostika qilish va davolash sohasida tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun sog`liqni saqlash vazirliklari va etakchi tibbiyot muassasalari o`rtasida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish. Shu maqsadda yaqin vaqtda etakchi ekspertlar ishtirokida birinchi videoanjuman o`tkazish;

- Turkiy kengash kotibiyatining muvofiqlashtiruvchi funksiyalarini kuchaytirish hamda pandemiyaga qarshi kurashish milliy shtabtlari bilan yaqin amaliy aloqalarni yo`lga qo`yish uchun tegishli guruh tuzish;

- transport infratuzilmasi va kommunikasiyalaridan maksimal darajada to`liq foydalanish, yuk tashishda va ularning soddalashtirilgan tartibda chegaradan o`tkazilishida amaliy ko`maklashish, tashkilotga a`zo mamlakatlarning transport vazirlari rahbarligida ishchi guruh tuzish orqali yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish;

- pandemiya oqibatlarini yumshatishga keng xalqaro yordamni jalb etish, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining maqomi va vakolatlarini yanada oshirish, JSST va Turkiy kengash o`rtasida sheriklik aloqalarini o`rnatish.

Davlatimiz rahbari so`zining yakunida shuni alohida ta`kidladi:

“Hammamizga ayonki, biron bir davlat yakka holda ushbu pandemiya balosiga qarshi samarali kurash olib bora olmaydi.

Biz birdamlik, hamkorlik va o`zaro g`amxo`rlik tamoyillari asosida ish tutishimiz lozim. Biz birgalikda ko`p narsaga qodirmiz”.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjatida – Boku deklarasiyasida o`z aksini topdi.

Ushbu muhim hujjat turkiy tilli mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda siyosiy va huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1