Shahrisabz shahridagi “Nomozgoh” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi, 1955 yilda tug`ilgan U.Z. va uning turmush o`rtog`i, 1957 yilda tug`ilgan Z.H.ning qariganlarida el aro yuzi shuvut bo`ldi, deya yozmoqda Postda nashri.
Gap shundaki, to`rt farzandni uyli-joyli qilgan er-xotin o`rtasida kelishmovchilik paydo bo`ldi. Bunga Z.H.ning eridan beso`roq muntazam ravishda opasinikiga borib kelishi sabab bo`ldi. U.Z. dastlab xotiniga yaxshi gapirib, karatin paytida tinch-xotirjam uyda o`tirishini tayinladi. Lekin xotini uning gaplariga parvo ham qilmay, o`z bilganicha ish tutaverdi.
4 aprel kuni soat 11:30larda er-xotin yana tortishib qolishdi. “Nega mendan so`roqsiz opangnikiga borib kelaverasan?” degan so`rog`iga javoban Z.H. erini haqoratli gaplar bilan “siyladi”. Natijada er jahl ustida turmush o`rtog`ining oshxona pichog`ini sanchib olib, tan jarohati etkazdi.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






