Bugun, 15 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Yangiyo`l shahar Navro`z dahasida joylashgan 4-uy oldida 3 nafar notanish shaxslar daydi itlarni otib ketishmoqda”, degan izohlar bilan xabar tarqatilgan.
Mazkur holat yuzasidan, bugunning o`zida Toshkent viloyati IIBB JQB va Yangiyo`l shahar IIB JQB xodimlari tomonidan tezkor surushtiruv ishlari olib borildi va ushbu notanish shaxslar aniqlandi.
Ma`lum qilinishicha, ular Yangiyo`l shahar Navro`z dahasida yashovchi D.S., A.X. va A.K. bo`lib, o`zlariga tegishli bo`lgan 2 dona sport pnevmatik (tir) miltig`i, hujjatlari bilan daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib, olingan.
Suhbat jarayonida ular sport pnevmatik (tir) miltiqlarini Toshkent shahridagi “Dinamo” sport do`konidan hujjatlar asosida rasmiylashtirib olganligini va karantin davrida yosh bolalari uyda bo`lganligi sababli, xavfsizlik yuzasidan ushbu qurollarni tanishi “Ulug`bek” ismli shaxsning uyiga olib ketayotganligini va hech qanday jonivorlarga qarata o`q otmaganligini aytishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Yangiyo`l tumani IIB tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






