AsosiyJamiyat

Inson aziz va mukarram qilib yaratilgan

Inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqat. Islom nazdida barcha insonlar barobar, bir-birlariga birodardirlar. Ulardan biri boshqasidan hech narsada – na boylikda, na mansabda, na chiroyi yoki xushbichim gavdasi bilan, na jamiyatda tutgan o`rni bilan ustun bo`la oladi. Alloh nazdida insonlarning eng ulug`i faqat Uning o`zidan qo`rqadigan taqvodorlaridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni(turli-tuman) xalqlar vaqabila (elat)lar qilib qo`ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog`ingiz taqvodorrog`ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”.

                                      Inson qadri har narsadan ulug`

Ana shu mukarram insonlarning yoshi ham, qarisi ham, ayoli ham, erkagi ham birdek qadr-qimmatga egadir. Islom dini inson qadrini shu darajada yuqori ko`targanki, hatto uning tirigi bilan o`ligining hurmati birdek qadrlanadi.

Avji navqiron yigitlik paytlari ikkinchi jahon urushi yillariga to`g`ri kelgan ota-bobolarimizning imon-e`tiqodlari Alloh taoloning katta sinovidan o`tdi. Ular jannatmakon yurtlarini, ahli-ayollariyu qondosh va dindoshlarining sharafini va nomusini, xalq osoyishtaligini himoya qilish uchun manfur dushmanga qarshi jangga otlanishdi. Salkam besh yil olis va begona yurtlarda, qiyinchilik va mashaqqatlarga dosh berib, o`qlar yomg`iri va o`lim tahlikasi ostida ayovsiz kurash olib borishdi.

Urush o`z nomi bilan urush edi, bu janglardan kamdan-kam yurtdoshlarimiz omon qaytishdi. Bir qanchalarining hoki o`zga yurtlarda qolib ketdi, bir qanchalari mayib-majruh, nogiron bo`lib qaytishdi. Yurtdoshlarimiz faqat frontlarda jang qilishmadi, ular mamlakat ichkarisida ham xalq xo`jaligini tiklash, xalq farovonligini yuksaltirishishida chinakam matonat ko`rsatishdi. Ular boshiga kelgan sinov va musibatlar faqat bugina emas, ota-bobolarimizning kattagina qismi qatag`on yillarining qurboni bo`lishdi.

                            Yaxshilarni O`zi qo`llaydi

Ana shunday Vatani, dini va millati himoyasi uchun jang qilgan qahramon insonlarni Alloh taolo O`zining haq yo`liga, hidoyat yo`liga yo`llab ham qo`yadi. Bu haqda Qur`oni karim bunday marhamat qilinadi:

“Bizning yo`limizda jiddu jahd qilganlarni, albatta, O`z yo`llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!” .

Yurtimizda yashovchi ko`plab vatandoshlarimiz yuqoridagi oyati karimalar ma`no va mazmunidan kelib chiqqan holda boshlariga kelgan har qanday musibat, qora kunlar, qatag`on yillarining mislsiz dahshatlari oldida esankirab, o`zligini aslo yo`qotishmadi, mustahkam imon, Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik ularga har vaqt hamroh bo`ldi va kelajakka katta umidlar bilan boqishdi.

Alloh taologa beadad hamdu sanolar aytamizki, mana bugun ulug` ajdodlarimiz orzu qilgan buyuk ne`mat – Vatan ozodligi va mustaqilligiga erishilgan nurli kunlarga etib keldik.

Istiqlol yillarida ulug` ajdodlar xotirasini qadrlash, mamlakat taraqqiyoti, yurt ozodligi yo`lida jonbozlik ko`rsatgan fidoyi yurtdoshlarimiz ruhini shod etmoq uchun ezgu amallarga bel bog`lashdek savobli yumush dilimizdagi yorug` niyatlardan biriga aylandi. Haqiqatan, el-yurt manfaati yo`lida fidokorlik ko`rsatib, bugun qarilik pallasida turgan ota-bobolarimiz mehnati va jonbozligini qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko`rsatish bugungi  avlodlarning sharafli burchi, chuqur mas`uliyatidir. Dinimiz ham kattalarga hamisha izzat ko`rsatish, ular holidan hamisha xabardor bo`lish, hatto boshqa e`tiqoddagi qariyalarga ham mehr-oqibat ko`rsatishga buyurgan.

                   Kichikka shafqat, katta hurmat

Amr ibn Shuayb roziyallohu anhu otasidan va bobosidan rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar alayhissalom bunday marhamat qiladilar:

“Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarning haqlarini bilmagan kishilar bizdan emasdir”.

Buyuk mutafakkir hazrat Mir Alisher Navoiy ham ushbu mazmunni quyidagi baytda chiroyli tarzda ifoda etganlar:

         Kimki ulug`roq, anga xizmat kerak,

         Ulki kichikroq anga shafqat kerak.

Bu sohada ayniqsa mamlakatimizda ibrat bo`larli ishlar, go`zal tadbirlar amalga oshirilyapti. Yurtboshimizning shaxsantashabbuslari va takliflari asosida, 9 may “Xotira va qadrlash kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Bu esa baayni inson zotiga, uning muqaddas xotirasiyu umri davomida bajargan ezgu amallariga bo`lgan cheksiz ehtirom ramzidir.

Shuning uchun ham poytaxtimizdagi Xotira maydoni har doim gavjum. Janggohlarda jon fido etgan vatandoshlarimizdan qariyb 435 ming nafarining nomi “Xotira kitobi”ning zarhal varaqlariga mangumuhrlangan. Yurtboshimiz tashabbusi bilan keyingi paytda yana 3725 nafar hamyurtlarimiz – bedarak ketgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining nomi aniqlanib, ushbu kitob sahifalarida qayd etildi.

Davlatimiz urush qatnashchilari, keksa yoshdagi otaxonlarimiz, onaxonlarimiz va barcha nafaqaxo`rlarga hamisha katta e`tibor ko`rsatib, ko`p g`amxo`rliklar qilib kelmoqda. Umid qilamizki, ushbu xayrli amallar o`sib kelayotgan o`g`il qizlarimizga ulug` fazilat bo`lib singadi. 

                            Odilxon qori Yunusxon o`g`li,

                            Shayxontohur tumani bosh imom xatibi

    Boshqa yangiliklar