Farg`onada karantin postiga mast holda borib, IIB xodimiga qarshilik ko`rsatgan Xalq banki xodimi 15 sutkaga qamaldi.
7 aprel kuni soat taxminan 23:25 da Uchko`prik tumani hududida tashkil etilgan karantin postida Xalq bankiga tegishli xizmat mashinasi IIB xodimlari tomonidan to`xtatilgan. Mashinada yo`lovchi sifatida kelayotgan Xalq banki xodimi B.A. IIB xodimlarining hujjatlarni tekshirish haqidagi qonuniy talabiga buysunmay, qarshilik ko`rsatgan.
«B.A. jamoat joyida mast holda IIB xodimini tilga olib bo`lmas so`zlar bilan haqoratlab, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, mayda bezorilik sodir etgan», — deyiladi xabarda. Huquqbuzarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar 8 aprel kuni Uchko`prik tuman ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilgan.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan aybli deb topilgan «bankir»ga 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.