JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus koronavirusning yomon holatlari oldinda bo`lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Bizga ishoning, eng yomoni hali oldinda. Bu fojianing oldini olaylik. Bu virus mohiyatini hali ko`pchilik tushunib etmagan. Juda rivojlangan davlatlar ham vaziyatni oldindan to`g`ri baholay olmagani uchun muammolar ichida qoldi», dedi u 21 aprel kuni so`zlagan nutqida.
Gebreisus davlatlarni virus xavfidan ogohlantirganini ta`kidladi.
«Biz virus rivojlangan davlatlar uchun ham «syurpriz bo`lishini» aytgandik. Va shunday bo`ldi ham. Boy millatlar uchun ham virus «syurpriz» bo`lishi haqida ogohlantirgandik. Bu gaplarning hammasi yozuvda saqlangan», dedi bosh direktor.
«Fojiani to`xtataylik. 100 minglab odamlar o`layotgani jiddiy masala. Bo`ldi, shuncha talafot etarli», deya qo`shimcha qilgan Gebreisus.
U karantin tartiblarini bekor qilayotganlarni ogohlantirib, «cheklovlarni yumshatish pandemiya tugaganini anglatmasligi»ni qayd etgan.






