Navoiy viloyatida jinoyat qidiruv xizmati xodimiga 11 mln. so`m pora taklif qilgan shaxs qo`lga olindi. Bu haqda IIV xabar berdi.
Xabarda aytilishicha bu holat 23 aprel kuni Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida aniqlangan. Xususan 1959 yilda Buxoro viloyati G`ijduvon tumanida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, ayni paytda Navoiy shahri, «Me`morlar» ko`chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Q. o`zining boshqaruvida bo`lgan «Matiz» rusumli avtomashinasini maxsus ruxsatnomasiz Navoiy shahri «Inspektorlar» ko`chasida boshqarib borayotganda to`xtatilgan. Bu shaxs tanishi – 1990 yil Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug`ilgan, tumandagi «Navbahor» MFYda yashovchi fuqaro P.L.ga 40 litr dizel yoqilg`isini 240 ming so`mga baholab, noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan qo`lga olingan.
Sh.Q.ning avtomashinasining yukxonasidan yana 40 litr dizel yoqilg`isi hamda 5 million 960 ming so`m pullar tekshirib ko`rish uchun xolislari ishtirokida hujjatlashtirildi. Taassufki, mazkur qoidabuzarlik keskin qonunbuzarlikni yuzaga keltirdi. Sh.Q. o`ziga uzoq yillar davomida qo`l kelgan qing`ir tajribasini bu gal ham qo`llashga urindi. IIB JQB xodimi holat noqonuniy ekanligini bir necha bor tushuntirishiga qaramasdan, fuqaro rasmiylashtirilgan hujjatlarni ijobiy hal qilib berishini so`rab, pora taklif qildi.
Tushuntirish ishlari samara bermasligini anglagan soha xodimi o`z vaqtida rahbariyatni vaziyatdan voqif etdi. IIV O`XB Navoiy viloyati bo`yicha bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, qoidabuzar umumiy qiymati 10 million 960 ming so`m pullarni IIB JQB xodimiga berayotgan vaqtda tezkor tadbir qatnashchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo`lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun Navoiy viloyat prokuraturasiga yuborilgan.






