Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida poliz mahsulotlaridan tarvuz etishtirishning o`ziga xos maktabi yaratilgan. Bu tajriba ayniqsa tumanning Ko`kdala hududida keng quloch yoygan bo`lib, bu erdagi mirishkor dehqonlar tarvuz parvarishlashning intensiv usullarini qo`llab, serhosil navlarni etishtirishmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi xabar berdi.
Joriy yilda ham tuman buyicha 14 ming gektar erga tarvuzning ertachi, o`rta va kechki navlari ekilishi mo`ljallangan.
– Shu yil ham 5 gektar erga tarvuz ekkanmiz. Biz urug`ni erga qadaganda qor bor edi. O`ziga xos mehnati ham bo`ldi. Gektaridan 20 tonnagacha hosil olish niyatidamiz. Mahsulotlarimiz butun mamlakatimiz bo`ylab tarqaladi, eldan ortganini Rossiya va Qozog`istonga ham eksport qilmoqchimiz, – deydi tumandagi “Rajab ota” fermer xo`jaligi rahbari Ulug`bek Jumanazarov.
Ma`lumot uchun, bu yil Chiroqchi tumanida 385 ta fermer xo`jaliklari va 591 ta tomorqa egalari tarvuz etishtirishga bel bog`lashgan.
E`tiborlisi, 5 030 gektar erga ekilgan ertapishar tarvuzning dastlabki xosili may oyining birinchi o`n kunligida pishib etiladi.
Mazkur yo`nalishda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ham zarur chora-tadbirlar belgilab olingan. Hududda etishtirilgan qishloq xo`jaligi va poliz mahsulotlarini eksportga jo`natishda eksportyorlarga doimiy ravishda yaqindan yordam ko`rsatib kelinmoqda. Bojxona rasmiylashtiruvlarining soddalashtirilgan tartibda “yashil yo`lak” orqali amalga oshirilishi, tadbirkorlarning qimmatli vaqtini va mablag`ini tejashga, mahsulotlarni sifatini saqlash hamda manzilga tezkor etib borishlarini ta`minlamoqda.