AsosiyJamiyat

9 may — Xotira va qadrlash kuni: Ajdodlarimiz jasorati va matonati — fidoyilik, qahramonlik namunasidir

'9 may — Xotira va qadrlash kuni: Ajdodlarimiz jasorati va matonati — fidoyilik, qahramonlik namunasidir'ning rasmi

1941 — 1945 yillarda bashariyat boshiga misliz kulfatlar yog`dirgan Ikkinchi jahon urushi frontlarida O`zbekistonlik jangchilar o`zlarining botir, mard, qo`rqmas, jasurlik xislatlarini namoyon qilib qahramonlik namunalarini ko`rsatdilar.

O`zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta`minlashda oldingi saflarda turib, nimaiki zarur bo`lsa, barchasini ayamay sarfladi. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg`armasiga 649,9 mln. so`m naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. so`m zayom puli, 52,9 kg. oltin va kumush topshirildi. Armiyaga 7 518 800 ta gimnastyorka, 2 636 700 ta paxtalik,  2 221 200 ta etik va qo`njli botinka yuborildi. Engil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga 246 918 700 so`mlik mahsulot jo`natilgan.

Qiyinchilik va xomashyo etishmasligiga qaramasdan, Toshkent to`qimachilik kombinati front uchun 410 mln metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, ko`p miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari jo`natildi. Chunonchi,  1 282 000 tonna g`alla, 482 000 tonna kartoshka va sabzavot, 1000 tonna poliz mahsuloti, quruq va ho`l mevalar shular jumlasidandir. Faqat  1941 yilning ikkinchi yarmida 59 ming bosh ot frontga olib ketildi. 

Respublikaning har bir viloyati, shahar va tumani hamda ayrim shaxslar jangchilarga yordam qo`llarini cho`zdilar. Masalan, 1942 yilning boshlarida Buxoro viloyatidan 4059 juft issiq kiyim, 9380 juft jun paypoq va qo`lqop, 5660 qalpoq, 2750 shim, 3000 po`stin, 18,5 ming litr vino, quruq mevalar olindi. 1943 yilning boshlarida Leningradga Andijon viloyatidan 7884 kilo un va bug`doy, 5496 kilo yorma bug`doy, 1160 kilo guruch, 418 bosh qo`y, 8510 kilo quruq meva, Qoraqalpog`istondan 224916 so`m naqd pul, 21614 kilo bug`doy, 5819 kilo go`sht, 3700 kilo guruch jo`natildi.

Qoraqalpog`istondagi Mo`ynoq baliq kombinatidan 20 mln. banka go`sht va baliq konservasi olingan edi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlari ham jangchilardan hech nimani ayamadilar. 1942 yilning kuzida Surxondaryodan 5998 bosh qoramol, 18 tonna asal, 28 tonna yog`, 31 tonna quruq meva, 3000 litr vino olindi. Toshkentdan 52 vagonda oziq-ovqat mahsulotlari yuborildi. 1943 yili Surxondaryo viloyati front ehtiyojlari uchun 14 mln. so`m naqd pul, 330 tonna go`sht va yog`, 530 tonna bug`doy, 180 tonna quruq meva, 33168 dona teri topshirdi.

Kiyim-bosh va oziq-ovqat mahsulotlarini Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlar ham frontga jo`natib turganlar. Shuningdek, hukumat vakillari tomonidan vagonlarda katta miqdorda sovg`alar olib ketilganligi haqida ma`lumotlar mavjud. Masalan, 1942 yili bir guruh vakillar Leningradga 600 vagon un va go`sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quruq meva olib borganlar.

Ikkinchi Jahon urushining to`rt yili davomida O`zbekiston davlatga    4 806 000 tonna paxta, 54067 tonna pilla, 1 066 000 tonna g`alla, 195 000 tonna sholi, 108 000 tonna kartoshka, 374 000 tonna sabzavot va ho`l meva, 35289 tonna quruq meva, 57444 tonna uzum, 1 593 000 tonna go`sht, 5 286 000 dona teri topshirgani ma`lum. Ular ham mudofaa ehtiyojlariga sarflangan, albatta. Bundan tashqari, urush yillarida O`zbekiston aholisi mudofaa jamg`armasiga jami 649 900 000 so`m naqd pul o`tkazib bergan. 

Xalqimiz harbiy xizmatchilarning oilalariga ham katta yordam bergan. Chunonchi, 1943 yili ularga 13 858 500 so`m pul, 1 308 400 kilo oziq-ovqat, 20 750 kiyim-bosh, 40 000 kubometr yoqilg`i, 73 500 pud g`alla, 10 000 bosh qo`y, 2000 bosh qoramol topshirilgan.

Shuningdek, o`zbek xalqi Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldaviya va boshqa joylardan ko`chirib keltirilgan o`n minglab kishilarga boshpana berib, mehribonlik va g`amxo`rlik namunalarini ko`rsatdi. Jang bo`layotgan hududlardan ko`chirilgan bir million shaxs boshpana, kiyim-bosh va oziq-ovqat bilan ta`minlandi. Minglab etim bolalarni o`zbek oilalari o`z qaramog`lariga oldilar, farzandlaridan kam ko`rmay tarbiyaladilar. O`zbek xalqi jangga ketgan turli millat vakillarining oilalaridan ham moddiy yordamini ayamadi. Davlatimiz 113 ta harbiy kasalxona — gospitalni ham otaliqqa oldi. 

Fashistlarning tor-mor qilinishida O`zbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol-aslahalar katta ahamiyat kasb etdi. Sanoatning asosiy qismi harbiy qurol ishlab chiqarishga yo`naltirilib, ular jang maydoniga uzluksiz yuborib turildi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, 2100 samolyot, 17342 samolyot motori, 17100 minomyot, 27 000 tankka qarshi otadigan zambarak qismlari, 60 000 harbiy kimyoviy anjom, 22 million mina, 560 000 snaryad, 2 million 318 ming aviasiya bombasi, 1 million dona granata,100 chaqirimdan ziyod sim, dala radiostansiyalari, tank va samolyotlar uchun 3 milliondan ortiq radiolampa, 5 bronepoezd, 18 harbiy-sanitar va hammom o`rnida foydalaniladigan hamda kir yuviladigan poezd, 2200 ko`chma oshxona olib ketildi. 

Shuningdek, yurtdoshlarimizning shaxsiy pullari hisobidan tayyorlanib, jang maydoniga yuborilgan qurol-aslahalar ham kam bo`lmagan. Masalan, tank koloniyasi va aviaeskadriliya qurish uchun aholidan 320 000 000 so`m to`plangan.

O`zbekiston 1943 yili nemis-fashistlaridan ozod qilingan hududlarga yordam berishni boshlab yubordi. Masalan, mazkur yilning oktyabrida O`zbekistondan Belorussiya, Ukraina va Rossiyaning dushmandan tozalangan erlariga 800 nafar vrach safarbar qilindi. 1944 yilning birinchi yarmida esa Ukrainaga 300 tonna g`alla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qo`y jo`natildi. 1943-44 yillarda ozod etilgan shaharu-qishloqlarga Qoraqalpog`istondan 45 800 000 bosh qoramol va qo`y yuborildi. 

Toshkent temiryo`lchilari vagonlarda turli xil jihozlarni yubordilar. Sobiq Stalingradni tiklash uchun 350 nafar quruvchi bordi. Xorazmliklar Xarkovga har xil qishloq xo`jalik texnikasini jo`natdilar. 1943 yil avgust oyida respublikadan ozod qilingan joylarga 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 omoch, 38 seyalka olib ketildi. Sentyabr oyining oxirlarida oziq-ovqat mahsulotlari va jihozlar to`ldirilgan 374 vagon jo`natildi. 12 oktyabrda Ukrainaga 450 vagonda sovg`alar bilan birga 300 tonna g`alla, 8300 bosh qoramol, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming gazlama mollari, kasalxona, maktab va radiouzellar uchun jihozlar yuborildi. 

Voronej va Kursk shaharlariga 275 bosh qoramol, 72 tonna g`alla, 24 tonna quruq meva olib ketildi. Bulardan tashqari, respublika bo`yicha 300 tonna g`alla, 180 tonna quruq meva, 10 ming juft oyoq kiyim, 200 ming metr gazlama, 2600 ming so`m naqd pul, yuk mashinasi, telefon stansiyasi jo`natildi. Ukraina uchun 350 traktor, 200 avtomashina, 50 kombayn, 1500 omoch berildi. Stavropol o`lkasiga 1142 traktor, 400 seyalka 1142 nafar agronom va haydovchisi bilan jo`natildi. Ozod qilingan joylarga Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari 50 ming bosh qo`y va 190 ming bosh qoramol yuborgan. Shuningdek, nemis-fashistlaridan tozalangan respublika va viloyatlarga 1944 yili 100 000 kitob sovg`a qilingan edi. 

1943-44 yillarda ozod qilingan erlarga O`zbekistondan 13 000 dan ortiq temiryo`l mutaxassisi, hunar bilim yurtlaridan 15 000 yosh yigit sobiq Leningrad, Kiev va Dunayga yo`l oldi. O`zbek xalqining ozod qilingan joylarga ko`rsatgan yordami aslida serob. Ammo umumiy tushuncha uchun keltirib o`tilganlari etarli, deb o`ylayman. O`zbekiston sanoat sohasida ham katta ishlarni amalga oshirib, Rossiya, Ukraina va boshqa joylardan ko`chirib keltirilgan o`nlab korxonalarni joylashtirib, ularning ishchi-xizmatchilarini boshpana va oziq-ovqat bilan ta`minladi.

O`zbekistonda harbiy sohada ham beqiyos ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublikada 15 diviziya va brigada tuzilib, ularda o`zbeklar salmoqli o`rinni egalladilar. O`sha harbiy qismlardan tashqari o`n minglab navqiron yigit harakatdagi armiya saflariga yuborildi. Toshkentdagi harbiy bilim yurtlari front uchun bir necha ming komandir va siyosiy xodimlarni tayyorladi. 

Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining o`zidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilindi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistondan bir million kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik to`g`ri emas, deb hisoblaymiz. Chunki Germaniyada tuzilgan “Turkiston legioni” 1 mln. 800 ming kishini o`z ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining so`zicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirg`izlardan tashqari o`zbeklar ham bo`lgan. Ma`lumki, jang maydonlarida yarim millionga yaqin o`zbek halok bo`lib, qolgan yarim millioni Vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qo`shilsa, bir million bo`ladi. Endi “Turkiston legioni”dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan o`zbeklarning soni ancha oshib ketadi. 

O`zbeklar Moskva, Stalingrad, Kavkaz, Qrim, Kursk, Dnepr, Markaziy va Janubi-Sharqiy Evropadagi janglarda qatnashib, Berlingacha bordilar. Shuningdek, Yaponiya bilan urushda ishtirok qildilar, partizan urushlarida mardonavor kurashdilar. 

Shu tariqa xalqimiz Ikkinchi jahon urushida fashistlarni tor-mor etishga molini ham, jonini ham tikdi. Bamisoli topgan bitta nonini to`rtga bo`lib, bittasini o`ziga, qolganini bevosita frontga, so`ng respublikaga ko`chirib keltirilganlarga, jangga ketganlarning oilalariga, harbiy gospitallarga, fashistlardan ozod qilingan hududlarning och-nochor aholisiga berdi. Ayni paytda bir milliondan oshiq farzandlari fashistlarga qarshi janglarda mardonavor kurashdi. Ulardan bir necha yuz ming kishi halok bo`ldi va jarohatlandi. Ayni paytda o`zbeklardan tuzilgan “Ishchi batalon”lar front uchun fidokorona mehnat qildilar.

Bevosita janglarda 27 mln. kishining yostig`i qurigan, boshqa talofatlarni ham qo`shganda 30 mln. kishi nobud bo`lgan Ikkinchi jahon urushi o`zbek xalqiga ham beqiyos katta talofat keltirdi. Minglab ayollar beva va bolalar etim bo`lib qoldilar. Ota-onalar farzandlari dog`ida qayg`u-alam bilan bu dunyodan ko`z yumdilar. Urush yillarida chek-chegarasi yo`q xarajatlar xalqni shu darajada qashshoqlashtirdiki, ta`riflashga qalam ojizlik qiladi. Qanchadan-qancha odamlar ochlik va kasalliklardan o`ldi. Urush o`zbek xalqining bor-yo`g`idan tamomila ayirdi, ko`rpa-yostig`i, boshqa ro`zg`or anjomlaridan mosuvo bo`ldi, uy-joyi xarobaga aylandi, och va yupun bo`lib qoldi. 

Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko`p odamlarning yostig`ini quritdi. Bolalarning orasida ham o`lim ko`p uchrardi. Biroq sho`ro davlatining e`tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o`rniga qo`yilmay, ular o`z holiga tashlab qo`yildi.

Xulosa qilib aytganda, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko`rmagan odamlarning ko`pchiligi qayg`u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o`xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug` kunlarni ko`rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ota-bobolarimiz misli ko`rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo`shib, jahon tarixida o`chmas iz qoldirishdi. 

Bu ma`lumotlar botir jangchilarimiz, sabrli xalqimiz Ikkinchi jahon urushida yuksak jasorat ko`rsatganligidan dalolat beradi.

Biz jasorat hamda matonat namunalarini ko`rsatgan, Vatan himoyasida fidoyilik ko`rsatgan ota-bobolarimiz qahramonliklarini hech qachon unutmaymiz. Ular bilan umrbod faxrlanamiz. Ajdodlar oldidagi farzandlik burchimiz – xalqimiz jasoratini unutmaslik, xotirasini abadiy yodda saqlash, tarixdan kerakli xulosalar chiqarish, yoshlarimizni shunday zaminda yashashdan faxr-iftixor tuyish ruhida tarbiyalashdir.

Baxodir ULUG`BEKOV, IIV Malaka oshirish instituti kafedra boshlig`i, polkovnik

Ulug`bek TUYMABOEV, IIV Malaka oshirish instituti katta o`qituvchisi, podpolkovnik

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar