AsosiyJamiyat

Koronavirusga chalinib Toshkentda davolanayotgan yana 25 nafar bemor sog`aydi

'Koronavirusga chalinib Toshkentda davolanayotgan yana 25 nafar bemor sog`aydi'ning rasmi

Poytaxtdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sog`aydi. Ular Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

SSVning ma`lum qilishicha, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog`ayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.  

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog`ayganlarning barchasi Toshkent shahridan bo`lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo`lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo`lib, eng yoshi kattasi 72 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.  

E`tiborli jihati,  joriy yil 30 mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda og`ir ahvolda mazkur  klinikaga olib kelingan. Uzoq vaqt sun`iy nafas olish apparatida bo`lgan bemor fidoiy shifokorlarimizning samarali davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to`liq tuzalgan bo`lsa-da, boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitasiya uchun o`tkazildi.  

Ayni paytda mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog`ayganlar 934 nafarga etdi.

 

    Boshqa yangiliklar