The Washington Post gazetasining ma’lum qilishicha, Isroil hukumati Braziliyada urush jinoyatlari uchun tergovga tortilgan sobiq SAXAL askariga qochishga yordam bergan.
Yahudiy davlatining sobiq askari Braziliyada ta’tilda bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingan edi. Sobiq askarni G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlarda ayblagan braziliyalik tergovchilar guruhi ishni sudgacha yetkaza olmadi. Tergov jarayoni davrida Yahudiy davlati razvedkasi gumonlanuvchini Braziliyadan olib chiqib ketdi.
Yakshanba kuni Isroil Tashqi ishlar vazirligi sobiq askarga o‘tgan hafta tergov boshlanganidan so‘ng “tijorat parvozida Braziliyani xavfsiz tark etishiga yordam berganini” tan oldi. Sobiq askar isroilliklarning harbiy xizmat faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda postlar yozishdan ogohlantirilgan.
G‘azoda Yahudiy davlati askari tomonidan o‘ldirilgan 5 yoshli falastinlik qizcha - Hind Rajab nomidagi jamg‘arma sobiq askarning G‘azodagi harbiy jinoyatlarini isbotlovchi, xususan tinch falastinliklarning uylarini noqonuniy buzib tashlashi aks etgan dalillar – video tasvirlar, geolokatsiya ma’lumotlari va fotosuratlarni Braziliya hukumatiga taqdim etib, unga qonuniy chora ko‘rishni iltimos qilgan edi.
Jamg‘arma bu harakatni Isroil armiyasining G‘azo sektorini vayron qilishi va tinch aholini genotsid qilishi tarixida "G‘azoda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik yo‘lidagi muhim qadam" deya ta’riflagan. Braziliya rasmiylari tomonidan hozircha rasmiy izoh berilmagan.
Ma’lumki, Xalqaro Jinoyat Sudi Yahudiy davlati bosh vaziri Benyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vazirini hibsga olishga order bergani ortidan Isroilning G‘azodagi xunrezliklari qattiq xalqaro tanqidlarga nishon bo‘lmoqda. Xalqaro sud genotsid ayblovlarini har bir holat uchun alohida o‘rganib chiqmoqda.
Braziliyadagi ushbu jarayon Isroil armiyasining nafaqat yuqori mansabdor shaxslari, balki oddiy askarlari ham xorijda bo‘lganlarida jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ko‘rsatuvchi pretsedent bo‘ldi.