Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka qat`iy qarshi bo`lgan "Miliiy tiklanish" partiyasining ushbu masalada bayonoti e`lon qilindi

Siyosat 29.04.2020, 06:51
Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka qat`iy qarshi bo`lgan "Miliiy tiklanish" partiyasining ushbu masalada bayonoti e`lon qilindi

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining bayonoti e`lon qilindi.

"Xalqimizning ming yillik milliy va tarixiy qadriyatlari qo`shnilar bilan doimo hamkor va hamjihat bo`lishga chaqirgan.  

Aynan shu prinsipga tayangan Yangi O`zbekistonning yangi tashqi siyosati mamlakatimizni yaqin qo`shnilar bilan aloqalarda yangi davrni boshlab berdi. Bu nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy munosabatlarni ham yaxshiladi va mintaqada barqaror o`sish uchun mutlaqo yangi geosiyosiy muhitga sabab bo`ldi.

Dunyoda hech qaysi davlat o`z milliy qobig`iga o`ranib olib rivojlanolmaydi. Biz bu yo`lni ham sinab ko`rdik, natijani hammamiz juda yaxshi bilamiz.  

Shuni alohida ta`kidlashni istaymizki, biz milliy manfaatlarimiz va xalqimizning xohish-irodasiga mos keladigan har qanday hamkorlikka tarafdormiz.

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining fraksiyasida partiyamizning Dasturi va saylovoldi platformasidan kelib chiqib batafsil tahlil qilindi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan informasion tahliliy materiallarni ham o`rganib chiqdik.  

“Hukumat soati” va “Parlament eshituvi” orqali masalaga aloqador vazirlik va idoralarga bizni o`ylantirayotgan savollarni berdik. Javoblar xavotirlarimizni kamaytirgani yo`q.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o`rinbosari Akmal Saidov boshchiligida faoliyat olib borgan Ishchi guruhining o`rganish natijalarini diqqat bilan o`rgandik va tegishli xulosalarga kelishda foydalanildi.

Fraksiyadagi uzoq muhokamalar va batafsil tahlillardan keyin yakuniy xulosaga kelindi.

Partiya fraksiya a`zolari hozirgi sharoitda O`zbekistonni Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga nafaqat a`zo, balki kuzatuvchi bo`lishga ham tayyor emas deb hisoblaydilar.

Bu xulosaga kelishimizga sabab bo`lgan ayrim jihatlarni aytib o`taman.

Birinchidan, bu xamkorlik xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz daromadini oshirishi mumkin, lekin iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida malakali milliy kadrlarni yo`qotishga olib keladi. Bu o`rta va uzoq istiqbolda milliy iqtisodiyotimizga jiddiy zarar beradi.

Ikkinchidan, yagona boj tarifi 6 mingga yaqin tovarlarda boj stavkalarini o`zgartirishni talab qiladi. Bu silkinish bosqichma-bosqich, imtiyozlar bilan amalga oshirilgan taqdirda ham milliy iqtisodiyotimizga jiddiy zarar beradi. Shu bilan birga, muhim investision loyihalarni amalga oshmasligiga ham sabab bo`lishi mumkin.

Uchinchidan, ittifoqda amalda bo`lgan 48 ta texnik reglamentning 5 tasidan xabardormiz, 14 tasida jiddiy tavofutlar bor, 29 ta reglament bizda umuman mavjud emas.

To`rtinchidan, biz dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo`lishi kutilayotgan pandemiyadan keyingi davrni qanday tus olishi haqida aniq tasavvurga ega emasmiz. Ko`pgina xalqaro ekspertlar postpandemik davr davlatlararo tuzilmalar uchun juda og`ir bo`ladi degan fikrni ilgari surishmoqda.

Bu masalada Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vazirining yirik 20 talik va Evropa ittifoqi bilan bir qatorda EOII va MDHni ham qayta tafakkur qilish (!) xaqidagi fikrini e`tiborsiz qoldirib bo`lmaydi.

Shuningidek, fraksiya azolari O`zbekistonning EOII bilan hamkorligi mamlakat ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotining asosiy ko`rsatkichlariga, davlat suverenitetiga va davlatchilikning boshqa asoslariga ta`sir qilishining salbiy ehtimollarini inobatga olish lozim deb hisoblaydilar.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bugungi sharoitda O`zbekistonni EOIIga a`zo mamlakatlar bilan amaldagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini rivojlantirgan shaklda davom ettirishni eng to`g`ri yo`l deb hisoblaymiz", deyiladi rasmiy bayonotda.

Eslatib o`tamiz, kecha, O`zbekistonning Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan hamkorligi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yakuniy qarori qabul qilindi.

Bu masalada "Milliy tiklanish" partiyasi Evroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kuzatuvchi siftida ham qatnashishga noroziligini bildirgan edi. 

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev ham o`z munosabatini e`lon qilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1