Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Norin tumani bo`limi tomonidan fuqaro A.ning tumanda faoliyat ko`rsatuvchi “A-O” fermer xo`jaligi rahbari T.R.ning xatti-harakatlaridan norozi bo`lib, yozgan murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi.Bu haqda Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i ma`lum qilmoqda.
Fermer xo`jaligi rahbari T.R. fuqaro A. va yana 2 nafar fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab, “Katta O`lmas” massivi hududidagi xo`jalikning sug`oriladigan ekin er maydonlari hisobidan ularga uy-joy qurish uchun er ajratish va hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 81 mln. so`m pul mablag`larini qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Shuningdek, tekshiruv davomida fermer xo`jaligi rahbari T.R. muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlanganligi ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan “A-O” fermer xo`jaligi rahbari T.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






