1

Shavkat Mirziyoev: "Vaziyat yaxshilanishi bilan, 10 maydan keyin karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishni davom ettiramiz"

Siyosat 29.04.2020, 22:45
Shavkat Mirziyoev: "Vaziyat yaxshilanishi bilan, 10 maydan keyin karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishni davom ettiramiz"

Respublika komissiyasi tomonidan tegishli cheklovlar o`rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bu haqda bugun bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirok etgan yig`ilishda aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Shaxsiy avtomashinalardan, birinchi navbatda, ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borish va uyiga qaytish, iste`mol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilish maqsadida foydalanish kerak.

Maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va etkazib berish xizmatini ko`rsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkin.

Shuningdek,  olimlarimiz, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, professor-o`qituvchilar sanitariya-gigiena normalarini ta`minlagan holda o`z laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat beriladi.

"Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga o`zgarib borishi bilan, 10 maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz.

Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak.

Agar bu talablarga barchamiz qat`iy amal qilmasak, sanitariya-karantin normalariga ahamiyat bermasak, shuncha qilgan ishlarimiz, ko`rgan chora-tadbirlarimiz zoe ketishi hech gap emas", dedi davlat rahbari yig`ilishda.

Avvalroq IIV Matbuot xizmati rahbari Shoxruh G`iyosov O`zbekistonda karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadida ayrim ehtiyojlar yuzasidan ma`lum muddatga fuqarolarning ko`chaga chiqishlari uchun ruxsat berilishi haqida xabar qilgandi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1