AsosiyJamiyat

Rossiyada bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolarini ish bilan ta`minlash xizmati ishga tushirildi

'Rossiyada bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolarini ish bilan ta`minlash xizmati ishga tushirildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko`rsatish xalqaro assosiasiyasi (Rossiya) hamkorligida karantin davrida Rossiya Federasiyasida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolarini ish bilan ta`minlashga ko`maklashuvchi xizmat joriy yil aprel oyi boshida sinov rejimida ish boshlab, 20 apreldan to`liq ishga tushdi. Bu haqda agentlik Matbuot xizmati rahbari ma`lum qildi.

O`tgan davr mobaynida ishlash uchun murojaat qilgan 400 nafarga yaqin fuqarodan 80 nafari ish bilan ta`minlandi.  

Salohiyatli ish beruvchilar va ishlash istagidagi xorijiy fuqarolar o`rtasida aloqani ta`minlash uchun ko`p tilli koll-sentr va tegishli ma`lumot kanallari yaratildi. Kanallarda mavjud bo`sh ish o`rinlari haqidagi ma`lumotlar joylashtirilmoqda, koll-sentr savollarga javob beradi va ishga joylashish uchun arizalarni qabul qiladi.

Eslatib o`tamiz, koronavirus tufayli 2020 yil 18 apreldan boshlab Rossiyadagi mehnat migrantlarining huquqlari kengaytirilgan: 2020 yil 15 iyungacha fuqaroligi, vizasi, ishlash uchun ruxsatnoma va patenti yo`q shaxslar ro`yxatga olingan joyidan qat`i nazar Rossiya Federasiyasining istalgan joyida ishlashi mumkin.

Bu bo`yicha koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi xavfi munosabati bilan Rossiya Federasiyasi Prezidentining tegishli farmoni qabul qilingan.

Biroq, ushbu choralarga qaramay, rossiyalik ish beruvchilar iqtisodiyotning pasayishi va patentsiz ishchilar sababli ma`muriy jarimalar to`lashning oldini olish uchun, chet el fuqarolarini ishga olishga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Shu o`rinda ishchi migrantlar ham ishonchsiz ish beruvchilar tomonidan aldanib qolish ehtimolidan xavotirda.

Ta`kidlash joizki, 2020 yil 15 martgacha Rossiya Federasiyasi migrasiya qonunlariga rioya qilgan va mamlakatda qonuniy bo`lib turgan chet el fuqarolari ushbu xizmatdan foydalangan holda ish bilan ta`minlanish imkoniyatiga ega.

Hozirgi bosqichda axborot resurslarida asosan qadoqlash (fasovshik), yuklarni joylashtirish (komplektovshik) va qishloq xo`jaligi sohalarida bo`sh ish o`rinlari ro`yxati taqdim etilgan. Tekshirilgan bo`sh ish o`rinlari sonini ko`paytirish bo`yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar