Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida O`zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi belgilandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.
Alohida topshiriq bo`lgunga qadar yuk avtotransport vositalarining harakati faqatgina quyidagi Davlat chegara o`tkazish punktlari orqali amalga oshirilishi belgilandi:
- Afg`oniston Islom Respublikasi bilan – “Termiz”;
- Turkmaniston Respublikasi bilan – “Olot”;
- Tojikiston Respublikasi bilan – “Sarosiyo”, “Oybek” va “Plotina”;
- Qirg`iziston Respublikasi bilan – “Do`stlik”, “O`zbekiston”, “Vodil”, “Chashma” va “Oq qiya”;
- Qozog`iston Respublikasi bilan – “Daut-ata”, “Guliston”, “Yallama”, “Zangiota” va “Toshkent”.
Chegara o`tkazish punktlarida faoliyat olib boruvchi bojxona xodimi tomonidan kirib kelayotgan xorijiy yuk avtotransport vositalari haydovchilariga ularning harakatlanishi, to`xtab turishi (avtoturargoh, texnik va maishiy xizmat ko`rsatish va x.k.), oziq-ovqatlarni xarid qilish mumkin bo`lgan joylari ko`rsatilgan yo`nalishlar chizmasi taqdim etiladi.
Avvalroq Xalqaro yuk tashuvchi xorijiy haydovchilar O`zbekiston hududida import yuklarni belgilangan manzilga etkazib berganidan so`ng, 10 kun muddat ichida respublika hududida belgilangan davlat chegara postlari orqali chiqib ketishlari shartligi ma`lum qilingandi.






