Keniyada koronavirusga qarshi kurashish maqsadida ommaviy sinovlar o`tkazilmoqda. Jarayon Nayrobi shahridan boshlangan. Bu erda aholining zichligi va sanitariya me`yorlari pastligi sabab ijtimoiy masofani saqlashning imkoni yo`q.
Sinov nafaqat fuqarolarning salomatligini tekshirish, balki odamlar o`z ishlariga qaytishi uchun ham bir imkoniyatdir. Agar ularda kasallik belgilari aniqlanmasa ish joylariga qaytish imkoni paydo bo`ladi. Pandemiya tufayli shundoq ham moliyaviy va ijtimoiy jihatdan og`ir bo`lgan vaziyat yanada murakkablashdi. Keniya rasmiylari qo`shni Somalida kasallik keskin oshganidan qattiq xavotirda.
Dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri bo`lgan Comalida virus sabab 30 dan ortiq o`lim holati qayd etilgan. Afsuski, mamlakatda karantin hamda ijtimoiy masofa saqlash kabi choralarga amal qilishning deyarli iloji yo`q. “Boshpana etishmovchiligi tufayli aksariyat hollarda 2 yoki 3 oila bir tom ostida yashaydi. Lagerlar ham juda gavjum.
"Biz koronavirus haqida eshitganimizda, bu virusdan qochib qutula olmasligimizni tushunganmiz”, deydi mahalliy aholi vakillaridan bir. Ayni vaqtda Afrika mintaqasida zararlanganlar 40 ming nafarga yaqinlashmoqda. O`lim darajasi esa 2 ming nafarga etgan. Bu Amerika yoki Evropa bilan solishtirganda ancha past, ammo sharoit hisobga olinadigan bo`lsa, Afrika davlatlari uchun halokatli natijalarga olib kelishi mumkin.






