Qozog`iston aviakompaniyalari 4 maydan poytaxt Nur-Sulton va Olmaotadan respublikaning 4 ta shahriga koronavirus sababli to`xtatilgan parvozlarni qayta boshlaydi. Tegishli qarorni 29 aprelda favqulodda vaziyat rejimini ta`minlash bo`yicha davlat komissiyasi qabul qilgan. Bu haqda kun.uz xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu shaharlardan samolyotlar Qizilo`rda, Petropavlovsk, Ust-Kamenogorsk va Semeyga ucha boshlaydi. Reyslar yuqori sanitariya talablari sharoitida, kamroq sondagi yo`lovchilar va ularning salonda ijtimoiy masofalashuv me`yorlariga amal qilgan holda o`tqazilishi bilan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, 4 maydan mamlakatning barcha hududlarida o`z faoliyatini tiklaydigan tadbirkorlik sub`ektlari ro`yxati tasdiqlangan. Bular qatoridan maydoni 500 kvadrat metrgacha bo`lgan nooziq-ovqat do`konlari, fotosalonlar, gul do`konlari, sartaroshxonalar, tibbiy markazlar va stomatologiya klinikalari, ko`chmas mulk bilan operasiyalar amalga oshiruvchi kompaniyalar, reklama agentliklari, advokatlar va notariuslar, mikromoliyaviy tashkilotlar, sug`urta kompaniyalari, lombardlar va ayirboshlash punktlari, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida ishlovchi kompaniyalar o`rin olgan.
Shuningdek, fuqarolarga ko`chada sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanishga ruxsat berilgan. O`z navbatida hududlar rahbariyatiga faoliyati tiklanadigan ob`ektlarda sanitar-epidemiologik xavfsizlik qat`iy nazoratini ta`minlash buyurilgan.
1 maydan Qozog`istonda karantin choralari engillashtirilishi sifatida Nur-Sulton va Olmaota o`rtasida parvozlar amalga oshirishga ruxsat berilgandi. Dastlab kuniga 4 tadan reys bajariladi. Ma`lum qilinishicha, parvozlar tiklanganining birinchi kuni 700ga yaqin kishi tashilgan.
Mamlakatda 15 aprel kuni kiritilgan favqulodda vaziyat rejimi 11 maygacha amal qiladi.






