AsosiyJamiyat

Sirdaryo viloyatida elektr energiya ta`minoti tiklanmoqda

'Sirdaryo viloyatida elektr energiya ta`minoti tiklanmoqda'ning rasmi

1 may kuni Sirdaryo viloyatida ro`y bergan texnogen ofat – “Sardoba” suv omboridagi avariya va uning oqibatlari bilan kurashishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ayni paytda avariyaviy tiklash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Bu haqda UzA xabar bermoqda. 

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Sirdaryo viloyatining qator hududlarida izdan chiqqan elektr energiyasi ta`minotini tiklash va mazkur ayanchli hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 100 nafardan ortiq ishchi-xodim, bundan tashqari 50 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi. Ta`kidlash joizki, sirdaryolik hamkasblarga ko`mak kuchi sifatida Farg`ona, Andijon, Namangan va boshqa viloyatlardan ham maxsus texnika va zarur jihozlar bilan Sardobaga etib kelishgan.

Hozirda ofat etgan hududlarda transformator punktlarini suv yuvishi natijasida vujudga kelgan loydan va chiqindilardan tozalash, shuningdek, toshqin natijasida yaroqsiz holga kelgan tayanch ustunlarni yangisiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida hududga kelgan harbiy xizmatchilar va boshqa ko`ngillilar uchun qurilgan vaqtincha yashash joylarini elektr energiyasi bilan ta`minlash ishlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, zarar ko`rgan hududlarda “Baliqchi”, “A. Tairov”, “Uch tom”, “Yangi hayot” nimstansiyalari suv ostida qolishi natijasida 8 mingdan ortiq iste`molchi elektr energiyasidan uzilib qolgan.

"Jamiyat xodimlari tomonidan ta`mirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda"  deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar