1

Shavkat Mirziyoev: suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo`ldi

Siyosat 05.05.2020, 20:11
Shavkat Mirziyoev: suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 5 may kuni videoselektor yig`ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan favqulodda hodisalarga yana bir bor alohida to`xtalib o`tdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Butun insoniyat koronavirus bilan birga, iqtisodiy inqirozga ham qarshi kurashayotganini hammamiz ko`rib, kuzatib turibmiz. Jahonda murakkab vaziyatdan chiqish uchun karantin choralarini asta-sekin yumshatayotgan davlatlar soni ko`payib bormoqda.

Yaratganga shukur, bugun O`zbekistonda epidemiologik vaziyat tobora barqarorlashib boryapti. Kundan-kunga kasallikka chalinganlarga nisbatan sog`aygan bemorlar soni ko`paymoqda. Karantinga yangi olinganlarga nisbatan ancha ko`p odam undan chiqarilmoqda. Natijada bugungi kunda koronavirus yuqtirgan 2 ming 204 nafar bemordan 1 ming 454 nafari yoki 66 foizi to`la sog`aydi.

Karantindagi aholining 83 foizi o`z uyiga qaytdi. Ya`ni, ijobiy dinamika kuchayib bormoqda. Shifoxonalarda qolayotgan 740 nafar bemorni davolash, salomatligini tiklab, oilasi bag`riga qaytarish uchun barcha zarur choralar ko`rilmoqda.

Bu ishlar osonlikcha bo`layotgani yo`q. Hozirga qadar bunga Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasidan 2 trillion 250 milliard so`m sarfladik va 500 million dollar xalqaro moliya institutlaridan jalb qildik.

Bugungi kunda butun dunyoda hech kim pandemiya yana qancha davom etishini bilmayapti. Shu sababli, qanchalik qiyin bo`lmasin, xalqimiz bilan birga pandemiya sharoitida, barcha talablarga amal qilgan holda, ishlash va yashashga o`rganishimiz kerak.

Epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o`zgarganidan foydalanib, biz iqtisodiyotimizda karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak bo`lmaydi. Chunki bu tartib iqtisodiyotimiz rivojiga va aholimiz hayotiga juda katta salbiy ta`sir qilmoqda.

Bu borada xalqimizga, ayniqsa, fermer va tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun karantin talablarini yumshatish bo`yicha dastlabki qadamlarni qo`ydik.

Hurmatli do`stlar!

Bu yil insoniyat uchun, shu jumladan biz uchun juda og`ir keldi. Keyingi bir haftaning o`zida xalqimiz ketma-ket kutilmagan sinovlarga duch keldi.

27 aprel kechasi Buxoro viloyatida, ayniqsa, Olot va Qorako`l tumanlarida yuz bergan og`ir tabiiy ofatdan yaxshi xabardorsizlar. Bu ofat viloyat bo`yicha 38 mingdan ziyod aholi xonadonlari, 847 ta ijtimoiy soha ob`ektlariga, ekin maydonlariga zarar etkazdi. Qishloq xo`jaligi, ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish va infratuzilma sohalariga ham jiddiy talafot etdi.

Biz tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo`yicha barcha zarur choralarni ko`ryapmiz. Hukumat komissiyasi tunu kun ishlamoqda. Bugungacha 70 foiz ijtimoiy ob`ektlar, 20 foiz aholi xonadonlarining tomi yopildi. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr tarmoqlari, 1 ming 100 ta transformator ta`mirlanib, 286 ming aholining elektr ta`minoti tiklandi. Yakka tartibdagi uy-joylar ham ta`mirlanmoqda. Afsuski, boshimizga kelgan sinovlar shu bilan tugagani yo`q.

Xabaringiz bor, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo`lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuasiya qilindi. Ularning barchasiga birinchi darajali zarur sharoitlar yaratilib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar etkazilmoqda.

Suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va sabablarini o`rganish bo`yicha Hukumat komissiyasi ishlamoqda. Zarar etgan uy-joylarni tiklash va ta`mirlash, odamlarni o`zining tiklangan uyiga qaytarish va ro`zg`origa yordam berish, infratuzilmani tiklash, aholi salomatligini himoya qilish bo`yicha barcha masalalar hal qilinmaguncha Sirdaryoga biriktirilgan har bir rahbar kuchaytirilgan safarbarlik rejimida ishlaydi.

Bu hududlardagi odamlarning hayotini nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki uni yanada yaxshilash kerak. Ularga yangi uy-joylar, ijtimoiy ob`ektlar barpo etib, yangi ish o`rinlari yaratib berishimiz shart, deb hisoblayman.

Bugungi kunda qator mahallalarda keng qamrovli tozalash-tiklash ishlari amalga oshirilyapti, natijada 53 mingdan ziyod aholi o`z uylariga qaytishi yoki yaqin qarindoshlari uyiga ko`chib o`tishi ta`minlandi.

Takror aytaman, davlatimiz, jamiyatimiz hech kimni bunday kutilmagan falokatlar qarshisida yolg`iz va e`tiborsiz qoldirmaydi. Odamlarimiz hayotini saqlab qolish va evakuasiya qilishda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari muhim rol o`ynadi. Bugungi kunda ular avariya va tiklash ishlariga keng jalb etilgan.

Afsuski, hozirgacha 4 nafar fuqaromizning tabiiy ofat oqibatida halok bo`lgani, 1 nafari bedarak yo`qolgani aniqlandi. Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular o`z jonini fido qilib, yuzlab, minglab insonlar hayotini saqlab qolishdi.

Halok bo`lganlarning yaqinlari va oila a`zolariga o`zimning chuqur hamdardligimni bildiraman.

Yigitlarimizning jasorati barcha kasbdoshlari va yoshlar uchun Vatanga, xalqimizga sodiqlik va fidokorona xizmat qilishning namunasi bo`lib qoladi. Albatta, Buxoro va Sirdaryodagi ofatlar Yaratganning bizga yuborgan sinovi. Bunga sabr qilishimiz, qattiq mehnat bilan, birgalikda yorug` yuz bilan o`tishimiz kerak.

Ushbu qiyinchiliklarga qaramay, xalqimiz bu sinovlar oldida o`zini yo`qotib qo`ymaganini alohida ta`kidlamoqchiman. Mana, “oynai jahon” orqali ko`ryapsizlar, xalqimiz yanada birlashib, o`zining mehr-oqibati, bag`rikengligi, buyuk saxovatini har kuni, har daqiqada namoyon etmoqda. Buni Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridan ko`chirilgan fuqarolarning 81 foizini Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari aholisi ixtiyoriy ravishda o`z xonadonlariga joylashtirgani ham yaqqol ko`rsatib turibdi.

Boshqa viloyatlar, vazirlik, kompaniya va uyushmalar, aholimiz tomonidan qisqa vaqtda Buxoro va Sirdaryoga yordam berish uchun katta miqdordagi homiylik mablag`lari o`tkazildi, qurilish materiallari, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va ro`zg`or buyumlari yuborildi.

Fursatdan foydalanib, jabr ko`rganlarga yordam ko`rsatayotgan bag`rikeng, saxovatpesha va hamdard xalqimizga yana bir bor o`zimning samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman.

Xalqimiz bir narsadan ko`ngli to`q bo`lishi kerak, hech qanday ortiqcha gap-so`zlarga va mish-mishlarga o`rin bo`lmasligi lozim. Mening topshirig`imga ko`ra huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan suv toshqini bilan bog`liq voqea yuzasidan ob`ektiv, xolis va keng qamrovli tergov harakatlari boshlangan. Xalqimizni ishontirib aytaman, tergov yakunlari bo`yicha barcha aybdorlar, kim bo`lishi va egallab turgan lavozimidan qat`i nazar, qonun oldida javob beradi.

Bu suv toshqini biz uchun achchiq saboq bo`ldi. Shu sababli suv ombori masalasida biz xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to`g`onning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o`tkazamiz. Faqat shundan keyingina yakuniy xulosaga kelamiz.

Shuningdek, mening topshirig`imga binoan hozirgi kunda tegishli davlat organlari tomonidan kuchli yog`ingarchilik sababli eroziya yuzaga kelishi mumkin bo`lgan barcha gidroinshootlar, to`g`onlar va GESlarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Afsuski, Sardobadagi ofat natijasida biz bilan chegaradosh bo`lgan yon qo`shnimiz – Qozog`iston Respublikasi Turkiston viloyati Maqtaral tumanining ayrim aholi punktlarini ham suv bosdi. Biz Qozog`iston Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali bu masalani o`zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qilib oldik. Kuni kecha Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeev boshchiligidagi delegasiya voqea joyida bo`lib, vaziyatni har tomonlama chuqur o`rgandi.

Biz qardosh qozoq xalqi bilan azal-azaldan bir daryodan suv ichib, o`zaro quda-anda bo`lib, et bilan tirnoqdek yaqin bo`lib yashaganmiz. Quvonchli kunlarda ham, sinovli damlarda ham hamisha bir-birimizga elkadosh bo`lib, qo`llab-quvvatlab kelganmiz.

Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimizga, balki qo`shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon etkazganidan judayam xijolatdamiz. Ularning aholi yashash joylari va ekin maydonlari zarar ko`rganidan, albatta, biz juda afsusdamiz.

Hukumatimiz, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, boshqa mutasaddi va mutaxassislar qozog`istonlik hamkasblari bilan birgalikda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha, albatta, yaqindan hamkorlik qiladi.

Biz qozog`istonlik birodarlarimizga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanimizni bildirdik. Ishonchim komil, biz boshimizga tushgan bu og`irliklarni ham xalqimiz bilan birgalikda, o`zaro hamjihatlikda bir tanu bir jon bo`lib, albatta, engib o`tamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1