AsosiySiyosat

Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilamiz, vaziyat yomonlashsa, qayta tiklaymiz – Shavkat Mirziyoev

'Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilamiz, vaziyat yomonlashsa, qayta tiklaymiz – Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada engillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o`zgargayotgani bois 22 apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi. Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat o`rganildi. Har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olindi.

Yig`ilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo`jaligi va qurilish sohalariga qo`shimcha ravishda xizmat ko`rsatish sub`ektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.  

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo`lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do`konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta`mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo`ladi.

Lekin koronavirus to`la bartaraf bo`lmagani sababli, odamlar ko`p to`planadigan ob`ektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to`yxonalar, jamoat transporti bo`yicha cheklovlar ma`lum muddatgacha saqlanib qoladi.

Respublika komissiyasiga xizmat ko`rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo`lga qo`yishni belgilash topshirildi.

– Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda karantin choralari engillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham ko`rib chiqildi.

Sog`liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman  va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o`zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo`yildi. 23 aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me`yorlari va gigienik normalarga rioya etish zarurligi ta`kidlandi.

Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1 iyunga qadar korxonalarga ko`rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo`yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag`lar uchun qo`shimcha kreditlar berish,  eksport majburiyatlarini bajarishga ko`maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi. 

Videoselektor yig`ilishida soliq tushumlarini ta`minlash masalasiga ham to`xtalib o`tildi. 

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon byudjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga ham yana bir bor e`tibor qaratilib, aholini asosiy turdagi mahsulotlar bilan uzluksiz ta`minlash,  narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari belgilandi.

Videoselektor yig`ilishida Qoraqalpog`iston Respublikasi va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar ko`rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi. 

    Boshqa yangiliklar