AQShning Nyu-York shtatida koronavirusga chalinish bilan bog`liq yangi holatlarning yarmidan ko`pi o`z uyida izolyasiyada o`tirganlardan chiqqan. Bu haqda shtat gubernatori Endryu Kuomo yaqinda bo`lib o`tgan brifingda ma`lum qildi.
Shtat rahbariyati mahalliy shifoxonalardagi tojdor virus bilan og`rigan ming nafar bemor kasallik tarixini tahlil qilishganda, kutilmagan xulosaga kelishdi. Bemorlarning yarmidan ko`pi oxirgi vaqtlarini o`z uylarida izolyasiyada o`tkazgani aniqlangan.
“Agar e`tibor bersangiz, bemorlarning 18 foizi qariyalar uyidan, 1 foizidan kamrog`i qamoqxonalardan, 2 foizi uysizlardan, 2 foizi boshqa jamoalardan bo`lsa-da, ammo 66 foizi uyida o`tirgan odamlardir, bu bizni shokka tushirmoqda. Bu o`ziga xos “syurpriz“ bo`ldi: bu odamlarning ko`pchiligi uyida o`tirgan bo`lib chiqyapti. Biz ular balki jamoatchilik transportida yurgandir deb o`yladik va jamoatchilik transportida alohida ehtiyot choralarini ko`rdik. Lekin aslida bu ham sabab emas ekan. Chunki bu insonlar deyarli uyidan tashqariga chiqishmagan“, — dedi Kuomo.
Boz ustiga, kasallanish bilan bog`liq holatlarning 84 foizi na jamoatchilik transportidan foydalanish, na ko`chada sayr qilish bilan bog`liq. Ularning aksariyati pensiyaga chiqqan yoki ishsizlardir.
Qayd etish joiz, Nyu-York shtati AQSh bo`yicha koronavirusdan eng ko`p aziyat chekayotgan hududlardan biridir. U erda infeksiyaga chalinganlar soni 319 mingdan oshib ketgan, vafot etganlar 27 ming nafarga etgan. Aprel oyida shtatda aholini ommaviy testdan o`tkazish natijasida ularning har besh nafaridan birida COVID-19ga nisbatan antitanachalar borligi aniqlangan.






