Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan karantin va boshqa cheklov choralari Janubi-Sharqiy Osiyodagi megapolislarda ekologik vaziyatni sezilarli darajada yaxshiladi. “Energiya va toza havo tadqiqot markazi” e`lon qilgan ma`ruzada gap shu haqda boradi. Bu haqda UzA yozmoqda.
Tadqiqot natijalariga ko`ra, mart oyi o`rtalaridan may oyining boshlarigacha azot oksidi (NO2) darajasi Jakarta, Kuala-Lumpur, Manila shaharlarida o`tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda ancha kamaygan. Ekspertlarning fikricha, bu sanoat ishlab chiqarish sur`atlari pasaygani va transport tashuvlarining qisqargani sababli yuz bergan. Masalan, Malayziya poytaxtida ushbu ko`rsatkich qariyb 60 foizga, Filippinda 45 foizga tushgan bo`lsa, Indoneziyada pasayish 40 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Singapurda 30 foiz, Tailandda 20 foiz pasayish kuzatilgan.
Tadqiqot mualliflarining ta`kidlashicha, Kamboja hamda Laosda ushbu ko`rsatkich o`zgarishsiz qolgan. Chunki ushbu ikki mamlakatda koronavirus pandemiyasi tufayli cheklov choralari joriy qilinmagan.
Ma`ruzada qayd etilishicha, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, Janubi-Sharqiy Osiyoda ekologik vaziyatning yomonligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklardan har yili 800 ming kishi hayotdan ko`z yumadi.






