Sal avval xabar berganimizdek, 13 may kuni “EFFECT UZ” sayti xodimi G`iyosbek Eshov Farg`ona viloyatining Quva tumanida jiddiy hujumga uchragan edi. Jurnalist Quva tumani hokimligida fuqaroning murojaatini o`rganganib bo`lib, Farg`ona shaharga qaytayotgan vaqtda Noma`lum shaxslar jurnalistning ko`ziga gaz sepgan, mashinasining oynalarini sindirgan, operator kaltaklangan va videokamerani olib ketishgan. Bosh prokuratura mazkur ish nazoratga olinganini ma`lum qildi.
Ayni paytda ushbu holat yuzasidan Quva tumani hokimligi rasmiy munosabat chiqdi:
"Hozirda tegishli huquq tartibot idoralari orqali surushtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Dastlabki surishtiruvlar natijasida EFFECT.UZ xodimi Elyor Tojiboev “Toshkent” MFY Muruvvat ko`chasi 28-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro M.Xolmatovaning murojaati asosida 12-13 may kunlari Quva tuman hokimligida jurnalistik surishtiruv ishlarini amalga oshirgan. O`tkazilgan o`rganishlar natijasida EFFECT.UZ xodimi E.Tojiboevga tuman hokimligi mas`ul hodimlari hamda mas`ul tashkilot rahbarlari tomonidan ushbu masala yuzasidan sud jarayoni ketayotganligi va FIB Farg`ona viloyati sudida ishni ko`rish 2020 yil 14 may kuniga tayinlanganligi, mazkur masala yuzasidan sud jarayoni ketayotganligi sababli taraflarga xech qanday tuman hokimligining qarori qabul qilinmasligi tushuntirilgan hamda tuman hokimligi huzuridagi doimiy xarakatdagi uy-joy komissiyasining hulosasi taqdim etilgan.
13 may kuni E.Tojiboev hamda uning hamrohlari bilan sodir etilgan holat yuzasidan tuman hokimligining xech qanday aloqasi yo`qligi va ushbu holat yuzasidan tegishli huquq tartibot idoralari tomonidan dastlabki tergov ishlari amalga oshirilayotganligini ma`lum qiladi", deyiladi hokimlik Axborot xizmati xabarida.