Davlatimiz rahbari topshirig`iga binoan Rossiya va Qozog`istonning vakolatli organlari bilan Rossiya-Qozog`iston davlatlararo chegarasida to`plangan O`zbekiston fuqarolarini Vatanga olib kelish masalasi ishlab chiqildi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.
Mamlakatimizning Moskva va Ostona shaharlaridagi Elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi Bosh konsulxonalari tomonidan «Mashtakovo» nazorat-o`tkazish punkti yaqinida bo`lib turgan vatandoshlarimiz ro`yxati tuzildi hamda tashkiliy va transport masalalari hal qilindi.
Vatanimizga mazkur ro`yxatga kiritilgan jami 1100 nafar hamyurtimiz olib kelinadi. Xususan, 2020 yil 18 may va 19 may kunlari 550 nafardan vatandoshimizning avtobuslarda O`zbekistonga qarab yo`lga chiqishi rejalashtirilgan. Ular etib kelishlari bilan 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.
Vatandoshlarimizning Rossiya-Qozog`iston chegarasi orqali O`zbekistonga olib kelish istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan avvaldan shakllantirilgan ro`yxat asosida amalga oshirilmoqda. Qo`shimcha ro`yxat tuzish ko`zda tutilmagan.
Shu munosabat bilan Rossiya hududida bo`lib turgan fuqarolarimizdan «Mashtakovo» nazorat-o`tkazish punkti yoki boshqa Rossiya-Qozog`iston davlatlararo chegarasini kesib o`tish punktlariga borishga urinmasliklarini, hozirda bo`lib turgan joylarida qolishlarini va barcha karantin choralariga qat`iy rioya qilishlarini so`raymiz.
Fuqarolarimizni Qozog`iston hududi orqali O`zbekistonga olib kelishning qayta boshlanishi to`g`risida qo`shimcha ma`lumot beriladi.






