IIB xodimiga yirik miqdorda pora bermoqchi bo`lgan shaxs qo`lga olindi

Jinoyat 19.05.2020, 11:55
IIB xodimiga yirik miqdorda pora bermoqchi bo`lgan shaxs qo`lga olindi

Yirik hajmda chigit mahsulotini o`zlashtirishga uringan shaxs ichki ishlar organi xodimiga ko`p miqdorda pora bermoqchi bo`ldi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Jizzax viloyati, G`allaorol tumani, "Mulkush" QFY, Mullabuloq qishlog`i hududida “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasidan xuddi shu rusumdagi yuk avtomashinasiga chigit mahsuloti ortilayotgani ichki ishlar organlari xodimlarining diqqatini tortdi. Surishtiruv davomida “Kamaz” rusumli avtoulovda chigit mahsulotini olib ketayotgan Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, "Mehnatobod" QFYda yashovchi, 1971 yilda tug`ilgan, muqaddam firibgarlik hamda pora berish jinoyatini sodir etib sudlangan A.A. chigitni Qashqadaryo viloyatining Koson tumaniga olib ketayotganligini ma`lum qilgan.

Ammo ichki ishlar organlari xodimlari holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlarni rasmiylashtirishga kirishganlarida A.A. hujjatlarni rasmiylashtirmaslik va yuk mashinasini chigit mahsuloti bilan birga G`allaorol tumani IIB hududidan chiqarib berish evaziga G`allaorol tumani IIB xodimi F.J.ga 8 million so`m miqdorida pora sifatida taklif qildi. Xodim fuqaroning xatti-harakatlari noqonuniy ekanligi to`g`risida bir necha marta ogohlantirgan.


Ammo A.A. fikridan qaytmagan. Natijada ichki ishlar organi xodimi F.J. mazkur holat to`g`risida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga bildirgi orqali murojaat qildi. Bildirgiga asosan o`tkazilgan tezkor tadbirda A.A. IIB xodimiga 6 million 950 ming so`m hamda 150 AQSh dollarini pora sifatida bergan vaqtda daliliy ashyolar bilan xolislar ishtirokida ushlandi.

Ayblanuvchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1