1

Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigini yo`lladi

Siyosat 23.05.2020, 21:15
Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigini yo`lladi

“Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida” Prezident qarori bilan 24 may kuni yurtimizda Ramazon hayiti bayram sifatida nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun davlat rahbari Shavkat Mirziyoev tabrik yo`lladi. 

"Qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Avvalambor, siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo`min-musulmonlarni, nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-ukalarimiz, opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, iymon-e`tiqodli xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni bildiraman.

Ramazoni sharif ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma`naviy hayotida azal-azaldan alohida o`rin egallab keladi.

Ushbu qutlug` oyda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko`makka muhtojlarga yanada e`tiborli bo`lish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar bu yil yurtimizda har qachongidan ham yaqqol namoyon bo`ldi, desam, o`ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo`shilasiz.

Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir”, degan ilohiy o`gitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo`lib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini ko`rsatganini jahon hamjamiyati e`tirof etmoqda.
Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Asrlar davomida xalqimiz ongida bag`rikenglik, mehr-muruvvat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mustahkam iroda kabi ibratli fazilatlarni shakllantirishda tabarruk Ramazon oyiga xos qadriyatlarning o`rni va ta`siri albatta beqiyosdir.

Bu yil karantin tufayli Ramazon amallari va ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan ma`lum qiyinchiliklarni to`g`ri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgan himmati baland tadbirkorlarimiz va fermerlarimizga, turli kasb egalari bo`lgan keksayu yosh barcha vatandoshlarimizga shu ulug` ayyom kunlarida yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Aziz do`stlar!

Ma`lumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq mushkul vaziyatni boshimizdan o`tkazmoqdamiz. Shu o`rinda bir haqiqatni eslatib o`tishni zarur, deb bilaman.

Karami keng Alloh taolo muqaddas Qur`oni karimda insonlarni mas`uliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli bo`lishga da`vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga engillik ham bordir”, deb marhamat qiladi.

Chindan ham, har qaday tashvish ortida engillik va yorug`lik borligini koronavirus kasalligidan sog`ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimzning katta yordami va ko`magi bilan o`z hayotini yangitdan yo`lga qo`yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.

Shu ma`noda, bugungi qiyinchiliklar albatta o`tib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman.

Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona engib o`tgan olijanob xalqimiz bu sinovlardan yanada kuchli va qudratli bo`lib chiqadi.

Ana shunday qat`iy ishonch va ko`tarinki kayfiyat bilan bugungi kunda yurtimizni taraqqiy ettirish yo`lida davrning o`zi talab etayotgan, biz boshlagan keng ko`lamli islohot
va o`zgarishlarni bir yoqadan bosh chiqarib, izchil amalga oshirib, oldimizga qo`ygan ulkan marralarga albatta erishamiz.

Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimni ezgu niyatlar ro`yobga chiqadigan, xayrli amallar uchun behisob savoblar yog`iladigan, o`zaro birdamlik, do`stlik va ahillik tuyg`ulari tarannum etiladigan shukuhli Iyd-ul-Fitr bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

Fursatdan foydalanib, jahondagi barcha mo`min-musulmon birodarlarimizni ham xalqimiz nomidan samimiy qutlab, ularga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman.

Niyati pok, maqsadlari ulug` xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat bo`lsin!

Parvardigori olam doimo yo`limizni ham, yuzimizni ham yorug` qilsin! Yurtimizni, elimizni turli balo-qazolardan O`zi asrasin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz sog`-salomat bo`lsin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo`lsin!" deyiladi tabrikda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1