Shimoliy Koreya etakchisi 3 hafta ichida ilk bor ko`rinish berdi. Bungacha u oxirgi marta 1 may kuni omma oldida ko`rinish berib, Sunchxondag o`g`itlar ishlab chiqariluvchi zavod ochilishida ishtirok etgan.
Kim Chen In Koreya mehnat partiyasi markaziy harbiy qo`mitasi yig`ilishida ishtirok etgan. Bu haqda kun.uz. Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib xabar bermoqda.
Yig`ilishda tashkiliy masalalar muhokama qilingan. Jumladan, mamlakat qurolli kuchlarini “yuqori turbulentlik sharoitida” mustahkamlash uchun yangi yo`nalish taklif etilgan.
Agentlik o`z xabarini Kim Chen Inning mehnat partiyasi bayroqlari fonida o`tirgani surati bilan taqdim qilgan.
Ta`kidlanishicha, Shimoliy Koreya etakchisi yig`ilishda harbiy qo`mondonlik tizimini isloh qilish haqidagi farmonni imzolagan. Ko`riladigan choralar mamlakat siyosiy barqarorligi va suverenitetini himoyalashda yordam berishi kerak. Kim Chen In milliy mudofaa kuchlarini mustahkamlash lozimligini ta`kidlab o`tgan. Bundan tashqari, yangi bo`linmalar tashkil etish imkoniyati muhokama qilingan.
Agentlikning ma`lum qilishicha, yig`ilish davomida yadro urushiga yo`l qo`ymaslik strategiyasi ishlab chiqilgan. Unda strategik kuchlarni o`ta zarur holatlardagina qo`llash lozimligi belgilangan.
Shuningdek, yig`ilishda Shimoliy Koreya armiyasi kamchiliklari va uni kuchaytirish variantlari muhokama qilingan.
Avvalroq Kim Chen In aprelda 20 kuncha ko`rinmagandan keyin 1 may kuni o`g`itlar ishlab chiqariluvchi zavod ochilishida ishtirok etgani ma`lum qilingandi. Biroq u shundan keyin yana 3 hafta ko`zdan g`oyib bo`lgan. Janubiy Koreya va Yaponiya OAVlari ma`lumotlariga ko`ra, Kim Chen In zavod ochilishida ishtirok etgandan keyin poytaxt Pxenyanga qaytmay, sohilbo`yidagi Vonsan kurort shahriga yo`l olgan va o`sha vaqtdan beri u erda qolmoqda.






