AsosiyJamiyat

Deputat Rasul Kusherbaevga siyosiy faolligi tufayli bosim o`tkazilganligi haqidagi xabarlar yuzasidan o`rganish o`tkazildi — Bosh prokuratura

'Deputat Rasul Kusherbaevga siyosiy faolligi tufayli bosim o`tkazilganligi haqidagi xabarlar yuzasidan o`rganish o`tkazildi — Bosh prokuratura'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbaevga siyosiy faolligi tufayli bosim o`tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan va qizg`in muhokamalarga sabab bo`lgan xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o`rganish o`tkazildi. 

R.Kusherbaev bilan Bosh prokuraturada o`tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma`lumot markaziy mahkamaning o`zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko`zdan kechirish yo`li bilan to`liq tekshirildi.

O`rganish natijalariga ko`ra, deputat R.Kusherbaevga prokuratura organlari tomonidan biron bosim yoki tazyiq o`tkazilganligini tasdiqlovchi ob`ektiv dalillar aniqlanmadi.

Jumladan, Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo`l tumanidagi “Qo`sh-yog`och oltin fayz baliqlari” MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum shag`al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o`tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko`rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Mazkur hujjatlar asosida 24.01.2020 yildaJKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, Yangiyo`l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o`tkazilgan. 

Tergov davomida ushbu jamiyatrahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar er maydonidan 600 mln. so`mlik 
57,2 ming kub.metr qum - shag`al aralashmasini qazib olib, tegishli lisenziyaga ega bo`lmasada, qonunga zid ravishda sotib yuborib, talon-toroj qilganligi, bu orqali davlatga juda ko`p miqdorda zarar etkazganligi aniqlangan.

Shu sababli J.Z.ga JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, ishning unga nisbatan qismi 04.05.2020 yildajinoyat ishlari bo`yicha Yangiyo`l tuman sudiga yuborilgan.

Ayblanuvchi B.Q.ga esa, tergovdan yashiringanligi sababli qidiruv e`lon qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan qidiruvda bo`lgan B.Q. tomonidan Internet tarmog`ida e`lon qilingan videomurojaatda ushbu jinoyat ishi tergovi davomida go`yoki “Qo`sh-yog`och oltin fayz baliqlari” MChJ deputat R.Kusherbaevga tegishli ekanligi haqida ko`rsatmalar olishga urinish bo`lganligi haqida uydirmadan iborat xabarlar tarqatilgan.

Jinoyat ishi Bosh prokuraturada o`rganilganda, ish bo`yicha deputat R.Kusherbaevga oid biron-bir masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma`lumot to`planmaganligi yoki u bilan bog`liq tergov harakatlari o`tkazilmaganligi ma`lum bo`ldi.

Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o`tkazilgan suhbat davomida, u tergovda undan R.Kusherbaev haqida hech qanday ma`lumot so`rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko`rsatma berish talabi bilan tazyiq o`tkazilmaganligini bildirdi.

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu uydirmalarni aholi orasida obro` qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o`z maqsadlari yo`lida foydalanib, tergov natijasiga ta`sir o`tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg`otishga qaratilgan urinish deb baholaydi.

Shuningdek, R.Kusherbaevning Bosh prokuraturada o`tkazilgan suhbatda o`ziga nisbatan bosim sifatida baholagan boshqa vajlari ham o`zining ishtirokida to`liq tekshirilib, unga, shu jumladan, faoliyati bilan bog`liq ravishda ta`sir ko`rsatish yoki bosim o`tkazish holatlari aniqlanmadi.

Mazkur vajlar R.Kusherbaevning shaxsi va ishchanlik obro`siga aloqadorligi tufayli tafsilotlari ochiqlanmasligi ma`lum qilinadi.

Deputat R.Kusherbaev Bosh prokuraturada o`tkazilgan o`rganish natijalari bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning siyosiy faoliyati bilan bog`liq har qanday tazyiq yoki bosim o`tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Jumladan, B.Q.ga nisbatan jinoyat ishi ustidan alohida nazorat o`rnatildi.

Zero, R.Kusherbaev jonkuyar va tashabbuskor deputat sifatida faoliyat olib bormoqda. U bilan prokuratura organlari o`rtasida doimiy hamkorlik yo`lga qo`yilgan. 

Bosh prokuratura yurtimiz, xalqimiz hayoti va taqdiri bilan bog`liq voqeliklarga befarq bo`lmagan, fikr va takliflari bilan o`zining faol fuqarolik pozisiyasini namoyon etayotgan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda munosib hissa qo`shayotgan jamoatchilik vakillarini qo`llab-quvvatlaydi va o`zaro hamkorlikdan manfaatdorligini ma`lum qiladi.

Bosh prokuratura

    Boshqa yangiliklar