So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqda parlamentning eng faol deputati Rasul Kusherbaev haqida turli mish-mish, ig`vo va asossiz xabarlar paydo bo`ldi. Kuni kecha Bosh prokuratura tomonidan Kusherbaevga siyosiy faolligi tufayli bosim o`tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida tarqalgan va qizg`in muhokamalarga sabab bo`lgan xabarlar yuzasidan deputatning bevosita ishtirokida o`rganish o`tkazildi.
Ayni paytda deputatning o`zi ham ushbu masalada alohida munosabat bilan chiqdi:
"Internet tarmoqlarida men bilan bog`liq gap - so`zlar Bosh prokuratura tomonidan o`rganib chiqildi. Bu jarayonga o`zim guvoh bo`lib, mamlakatimizda deputatlik daxlsizligi, sha`ni va ishchanlik obro`sini muhofaza qilish masalasiga mas`uliyat bilan yondashilayotganligini kuzatib bordim.
Eng muhimi, deputatlarning Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar jarayonida xalq vakili sifatida o`z vazifasiga ongli ravishda vijdonan yondashib, saylovchilar manfaati yo`lida intilishi xolis faoliyat bo`lib, bu borada unga hech qanday ta`sir ko`rsatilishi mumkin emas. Bunday ta`sirlar keskin qoralanadi. Bosh prokuratura va mazkur tizim bu borada deputatlarni doimo qo`llab - quvvatlashga tayyor ekanligini bildirmoqda.
Umid qilamanki, aytilayotgan va qilinayotgan ishlar birligi yo`lida o`zaro hamkorlik va ishonch yuqori ruhda davom etadi, tushunarsiz “bosh og`riqlar” boshqa bezovta qilmaydi.
Fursatdan foydalanib, shaxsan Bosh prokurorimizning xalq vakillari va jamoatchilik faollarini qo`llab-quvvatlash, ishchanlik obro`sini muhofaza qilishdagi alohida yondashuvi uchun minnatdorlik bildiraman!" — deya izoh qoldirilgan uning shaxsiy sahifasida.