AsosiyJamiyat

Propiskadagi o`zgarish bo`ynimdagi qarzdan xalos etdi

'Propiskadagi o`zgarish bo`ynimdagi qarzdan xalos etdi'ning rasmi

Propiska masalasidagi islohotlar shaxsan mening bir necha yillik og`riqli muammolarimdan biri edi. Tizimdagi o`zgarish bo`ynimdagi majburiy deymikin yoki zaruriymi, qaysidir darajadagi qarzdorligimdan soqit etish imkonini berdi. Albatta, bundan xursandman. Aslini olganda, oldingi propiska tartibi konstitusion huquqlarimizni cheklash va eski krepostnoy tizimdan qolgan sarqitdan boshqa narsa emas edi. Nihoyat,  yillar o`tib bu borada ijobiy natijaga erishishga muvaffaq bo`lib turibmiz.  

Xullas, mening "zaruriy qarzdorligim" nimadan iborat edi. Bu haqda batafsil yozadigan bo`lsam, asli Toshkent viloyatidanman. Taqdir taqazosi bilan 2001 yildan buyon Toshkent shahrida doimiy ro`yxatda turaman. Shaharda oliygohda tahsil olib, o`z yo`limni topishimga katta ko`mak bergan akam 1995 yildan beri Toshkent shahrida ishlab, ijarada yashab yurar edi. Yig`ib-terganlarini bitta qilib, 2003 yili o`ziga  shahardan uy sotib olmoqchi bo`ldi. Biroq propiskasi bo`lmagani sabab, uyni o`z nomiga ololmay, mening nomimga olishga majbur bo`ldi. 2010 yili esa baxtsiz hodisa tufayli nogiron bo`lib qolgan akam mening nomimga olingan ko`p qavatli xonadondagi uyni sotib yuborib, o`rniga hovlili uy olmoqchi bo`ldi. Taassufki, shu onda turmush o`rtog`imning nafsi buzilib, bunga ruxsat bermadi. 

Oqibatda qarindoshlik munosabatlarimizga putur etdi. Shundan buyon akam o`z uyini o`z nomiga o`tkazishi uchun qilgan barcha harakatlari besamar ketayotganidan o`zimni aybsiz aybdordek his etardim. Agar o`sha davrda shu bugungidek istagan fuqaro o`z nomiga Toshkent shahridan uy sotib olishining imkoni bo`lganida edi, shu tashvishlar xam bo`lmas edi. Mana, zamonning zayli bilanmi, jamoatchilikning talabi bilanmi, ishqilib yangi farmon qabul qilinishi bilanoq, bu muammo amalga oshadigan, iloji va imkoni bor holga aylandi. Hatto, yaqinda shu masalada so`rab-surishtirsam, yaqin qarindoshlik bo`yicha soliq to`lovlarida xam boshqalarga nisbatan  80 000 ming so`m kamroq to`lanadigan imtiyozlari bor ekan. 300 000 ming so`m atrofidagi mablag` bilan rasmiylashtirish mumkin ekan. Bunday yangilikdan albatta, xursand bo`ldim.

Aygul PERNEBEKOVA, O`zbekiston “Adolat” SDP Mirzo Ulug`bek tuman Kengashi raisi

    Boshqa yangiliklar