AsosiyDunyo

Italiya Evropada birinchi bo`lib COVID-19ga chalingan erkakka o`pka ko`chirib o`tkazdi

 ria.ru nashriga tayanib, geosiyosat kanalining yozishicha, operasiya o`n soatcha dav...

'Italiya Evropada birinchi bo`lib COVID-19ga chalingan erkakka o`pka ko`chirib o`tkazdi'ning rasmi

 ria.ru nashriga tayanib, geosiyosat kanalining yozishicha, operasiya o`n soatcha davom etgan. Uni ikkita operasiya brigadasi o`tkazgan, yana bitta brigada istalgan vaqtda ishga kirishish uchun tayyor holatda turgan.

Milanning eng mashhur «Polikliniko» kasalxonasi shifokorlari Evropada birinchi bo`lib yosh erkakka ikkala o`pkani ko`chirib o`tkazish bo`yicha jarrohlik amaliyotini amalga oshirdilar. Erkak sal oldin COVID-19ga chalinganligi uchun kasalxonaga yotqizilgan.

Payshanba kuni Focus mahalliy nashri tarqatgan xabarga ko`ra, operasiya o`n kun avval muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va hozirda bemor ahvoli tibbiyot xodimlarida havotir uyg`otmayapti. Xabarda aytilishicha, 18 yashar, sportchilarga xos tana tuzilishiga ega italiyalik hech qanday surunkali kasalliklarga chalinmagan, ammo COVID-19ga chalingach, ikki oy vaqtni «San-Raffael» gospitalining jonlantirish bo`limida o`tkazgan.

U shu vaqt davomida IVL apparatiga ulangan bo`lgan, sababi koronavirus uning o`pkasini deyarli yo`q qilgan. Shifokorlar yuzaga kelgan vaziyatda yosh bemorni faqatgina o`pka transplantasiyasi qutqarishi mumkin, degan xulosaga keladilar.

«O`pkani ko`chirib o`tkazish - bu har doim murakkab jarrohlik amaliyoti sanaladi, lekin uni COVID-19ni boshdan kechirgan va og`ir ahvolda bo`lgan bemorda o`tkazish biz uchun jiddiy chaqiriq bo`ldi», - deydi «Polikliniko»ning tezkor torakal jarrohlik xizmati direktori Mario Nozotti.

Shifokorlar jarrohlik oldidan bemorga COVID-19ga qarshi davolash kursini o`tkazganlar. Faqatgina virus chekinganidan keyin, ular mos keladigan donorni izlashga kirishgan va bu ikki hafta vaqtni olgan.

«Bemorda koronavirusga o`tkazilgan test manfiy javob bergani bilan, biz medpersonalni ehtimoliy infeksiyalashdan himoyalash uchun barcha choralarni ko`rdik. Albatta, maxsus himoya niqoblari, ventilyasiyali himoya shlemlari va ikkitalik qo`lqoplarda ishlash jarrohlar uchun qo`shimcha qiyinchiliklar tug`dirdi. Ammo shunga qaramay, operasiya muvaffaqiyatli o`tdi va undan so`ng bemor intensiv davolash bo`limiga o`tkazildi va hozirgacha o`sha erda bo`lib turibdi», - deya xabar qildi Nozotti.

Bemor hushida, unda mustaqil nafas olish funksiyalarini tiklash maqsadida fizioterapiya o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar