“Qashqadaryo” gazetasida tuman hokimliklari matbuot kotiblari misolida ushbu lavozimda o`tirganlarga ko`zgu tutilibdi. Quyida tomonlar munosabatlariga asoslangan tanqidiy maqolani o`z holida keltiramiz.
Xabaringiz bor, 2019 yil 27 iyunda ko`plab jurnalistlarga bayram sovg`asi sifatida Prezidentning "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi qarori qabul qilingan, shu asosda ko`plab idoralarga matbuot kotiblari ishga olingan, aholining axborotga ehtiyojini qondirish, turli chiqishlarga xolis va tezkorlik bilan munosabat bildirish talabi qo`yilgandi.
Xo`sh, o`tgan bir yil ichida bu talablar qanchalik ro`yobga chiqdi? Axborot xizmatlari faoliyati kutilgan natijani berayaptimi? Ayni savolga, ijodiy, "4D formatida" yondashgan holda, tomonlarning umumlashgan fikrlari asosida javob izlashga harakat qildik.
Gazeta xodimining munosabati
Azaga borgan dardini aytib yig`laydi, deganlaridek, mavridi ekan, bir masalaga to`xtalib o`tsam. Keyingi paytlarda gazeta-jurnallarning umri bitgani haqida "fatvo" berib, "janoza"sini o`qib yuboradiganlar ko`paydi. Ular sohani tushunmaydigan, kompyuter, internet va axborot texnologiyalari hayotining asosiy bo`lagiga aylanib, umrida qog`oz shaklidagi nashrlarni kuzatmagan kishilar bo`lsa-ku tushunish, to`g`ri qabul qilish, "E, bu gazetani qaydan bilardi" deyish mumkin edi. Ammo o`zlari shu sohani rivojlantirishga mas`ul bo`la turib, asosiy funksiyalaridan biri sifatida bu qo`llaridan kelmaganidan keyin bosma nashrlarni birato`la tugatib yuborishga ahd qilganlari juda qiziq va g`alati hol bo`ldi.
Ayni damda "Internet saytlari har qancha taraqqiy etmasin, baribir gazetalar kerak, ularning o`rnini hech narsa bosolmaydi, gazetalar o`zlariga "fatvo" berganlardan keyin ham yashayveradi" deya bahs yuritmoqchi emasman. Bir narsani esga solmoqchiman: o`shanda "yuqorida"gilar go`yo bosma nashrlarning endi ortiq keragi yo`qligini ko`rsatish ko`yida axborot xizmatlari faoliyatiga zo`r berishgandi. Xo`p, natija ham shunga yarasha bo`ldimi?
Gazetada kichik bir xabar yozsangiz ham muharrir, mas`ul kotib, bosh muharrir tahriri kabi bosqichlardan o`tadi. Ularga ma`qul kelsa, faktlari tekshirilgach bosishga ruxsat beriladi. Ayrim axborot xizmatlari tarmoqqa qo`yayotgan xabarlarni ko`rib, bularda savod bormi o`zi, deb o`ylanib qolasan. Go`yo amalda boshqa, internetda boshqa imlo shakllangandek, telegramga imlo xatolari g`ij-g`ij ma`lumotlarni joylasa bo`laveradigandek. Ey birodar, kishilar kanalingiz orqali axborot olayotgan ekan, shunga qarab yoshlarda savod shakllanarkan, pishakning qulog`idakkina xabarchangizga bir qur ko`z yugurtiring. Ma`no-mazmuniga bir qarang.
Bilaman, telegram imkoniyatlari kam yozib, ko`p surat qo`yishni taqozo qiladi. Odamlarga ham shunisi ma`qulday. Demak, matbuot kotibidan talab qilinadigani - ixchamlik, puxtalik. O`sha kuni Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining kanalida "Avto teltomat ABS (asfalt qorgich) qurulma" deb yozishibdi. Nima degani bu? Yana "ish haqi bo`yicha o`rtacha ma`lumot"ni ham keltirishibdi. Shuni to`g`rigina " o`rtacha ish haqi bo`yicha ma`lumot" deb yozsa bo`ladi-ku.
To`g`ri, avval tahririyatlarda ishlab, keyin matbuot kotibligiga o`tganlar tahrir, kanal yuritish borasida qiynalishayotgani yo`q. Lekin tizimning ichida yurgan yoki chetdan olib kelingan ko`p xodimlarning axborot xizmatiga qo`yilishi o`zini oqlamayapti.
Axborot xizmati ko`ngildagidek ishlashi uchun muharrir, texnik xodim xizmati albatta zarur. Ayrim matbuot kotiblari oddiygina matnni "qoraytirib" qo`yish yoki "kursiv"da berishni ham bilmaydi. Surat tushirish malakasi haqida gapirmasa ham bo`ladi. Yozadigan xodim yonida suratkash albatta bo`lgani va har kim o`z ishini qilgani ma`qul. Shuning uchun ayrim kanallarda telefonda tushirilgan, uyoq-buyog`i tarashlanmagan suratlarni ham ko`rib qolayapmiz. Botinkasi bilan birov yotib-turadigan uyga tikka kirib borgan hokimning suratini tarmoqqa joylagani uchun malomatga qolgan ham aynan matbuot kotibi. Rahbarning farosati o`ziga yarasha ekan, boshqalarning haddi sig`magandir, matbuot kotibi degan maslahatchisi bor-ku, shu aytsa bo`lmasmidi, deganlarni nohaq deb bo`lmaydi.
Darvoqe, hokim. Matbuot kotibi hokimning emas, hokimlik manfaatlarini ifodalashi kerak aslida. Bizda esa ko`p kotiblar hokim pinjiga kirib, uning borgan joylari, aytgan gaplari madhidan ortmayapti. Nechta surat qo`yilsa, hammasida hokim... Axir boshqalar ham laylak haydab yurgani yo`q, ularni-da e`tirof etish kerak, odamlar o`shalarni ham bilsin, tanisin. Binobarin, matbuot kotiblari tizimga yoki mansabdor shaxs faoliyatiga oid tor ma`lumotlar bilan cheklanib qolayapti. Faqatgina tegib ketgan tanqidlarga javob, to`g`rirog`i, aksil material berilganda muayyan mavzuga oid kengroq ma`lumotlarni uchratasiz, xolos. Vaholanki, matbuot xizmatlaridan OAVni, keng jamoatchilikni batafsil, asosli va "qaynoq" axborotlar bilan ta`minlash kutiladi. Ikkita gap, to`rtta surat bilan esa bunga erishib bo`ladimi?!
Shu kecha-kunduzda Qarshi tumani hokimligi va tadbirkor o`rtasida sud jarayoni borayotganidan xabaringiz bor. Sudda nima gaplar aytilayotganidan ozmi-ko`pmi darak topib turibmiz. Buyoqda esa hokimlik axborot xizmati o`z kanalida sudlashilayotgan klasterda yollanma ishchi bo`lib ishlayotgan kishining maoshini ololmayotgani, yo bo`lmasa klaster rahbarlarining mas`uliyatsizligi tufayli ayrim hududlarda paxta ekilgan er maydonlari achinarli ahvolga kelib qolgani haqidagi lavhalarni peshma-pesh joylashtirib bormoqda.
Axir bular hammasi sudda aytiladigan, ko`rsatiladigan lavhalar-ku. Odamlarga havola etgan bilan qanday foydasi bor, yakuniy hukmni sudya o`qisa?! Qolaversa, birdaniga oylik olmagan odam topila qolgani, erlar abgor ekani qandaydir g`alati tuyulmayaptimi?
Internet kuzatuvchisi fikri
Kanal darajasini odatda uning a`zolari soni belgilaydi. Agar buni hokimiyatlar misolida ko`rib chiqsak, eng yuqori raqam viloyat hokimligi kanaliga tegishli: 6 mingdan ziyod a`zosi bor. Dehqonobod hokimliginiki 1700 atrofida, G`uzor tumani hokimliginiki 1200 chog`li, Kasbiniki 900, Qamashida 800, Qarshi tumanida 500 ga yaqin. Nishon tumani hokimligining telegramdagi kanalida 367 obunachi bo`lsa, Yakkabog` tumani hokimligi kanaliga 240 kishi a`zo bo`lgan, xolos (bu raqamlar foydalanuvchilar ixtiyoriga qarab ko`payib yo kamayib turadi). Qo`yilgan axborotlarni ham shuncha atrofidagi kishi kuzatib boradi.
Endi bir o`ylab ko`ring, bugun "o`ldi" deya baholanayotgan gazeta-jurnallar ham shu atrofda yoki bundan ko`p chiqayapti-da.
Birgina viloyatning o`zida ham 200 mingdan ziyod a`zoga ega bo`lgan kanallar borligini hisobga olsak, tuman hokimliklari axborot xizmatlari jamlagan auditoriya juda kichik ekani ko`rinadi. Agar bir tumanda yangiliklar bilan tanishib boradigan 50 ming kishi bor, desak, 500 a`zoga ega kanal hududning atigi 1 foizini qamrab olayotgani oydinlashadi.
Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi idoralar axborot xizmatlari ham maqtana olmaydi. Misol uchun, viloyat prokuraturasining telegramdagi kanalida 560 dan ziyod a`zo bo`lsa, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasida 384, ichki ishlar boshqarmasining 2 mingga yaqin, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 260 dan ortiq obunachisi bor.
Bunga hali axborot xizmatlari ishining yangidan yo`lga qo`yilgani sabab qilib keltirilishi mumkin, aslida o`tgan bir yil kerakli a`zoni to`plab olish uchun etarli edi. Qolaversa, tizimning o`zida ishlaydiganlarning barchasi o`z kanallariga a`zo bo`lganda ham bir necha o`n ming a`zolik virtual makon yaralardi.
Agar gazeta-jurnallar etarli obunachiga ega bo`lmasa, inqiroz yoqasiga kelib qoladi. Axborot xizmatlarida esa bunday xavf yo`q, ular 10 ta a`zo bilan ham yashayveradi. 100-200 ming a`zoga ega kanallar esa reklamadan tushadigan pul hisobiga tirikchilik qiladi, shuning uchun obunachini qancha ko`paytirsa, shuncha manfaatli.
Aslida axborot xizmatlarini ham o`zini o`zi qoplaydigan tuzilmaga aylantirsa bo`ladi, ammo bunga qunt qiladiganlar kam.
Ko`p axborot xizmatlarining asosiy xatosi shundaki, "pereslat" qilishni, boshqa manbalarda tarqalgan xabarlarni o`z kanallariga joylashni odat qilib olishgan. Deylik, koronavirusga chalinganlar soni, mamlakatdagi va dunyodagi vaziyat haqida ma`lumot beruvchi, 1 million 380 mingdan ziyod a`zoga ega "Koronavirus Info" kanali bor. Xohlagan odam shu erga kirib, shu mavzudagi kerak narsani bilib olaveradi. Shu kanal "Bugun 6 kishida kasallik aniqlandi, ularning ahvoli..." deb xabar qo`ysa bo`ldi, aksar shahar, tuman hokimliklarimiz, boshqarma, tashkilotlar axborot xizmatlari darrov "pereslat" qilib tashlashadi. Tabiiyki, asosiy manbadan kerakli ma`lumotni olgan kishi keyingi manbalarga qarab ham qo`ymaydi. Nuqul boshqa manbalardan ko`chirib bosaverish kanalga qiziqishni susaytirib yuboradi. Obunachilar ham sekin-asta chiqib ketadi.
To`g`ri, matbuot kotibi o`z kanalida barcha yangiliklarni jamlashga, o`quvchilariga hamma xabarni o`zi etkazishga harakat qiladi. Lekin asosiy manba turganda kim ikkinchi, uchinchi... yuzinchi manbaga murojaat qiladi? Yaxshisi, respublika, viloyat miqyosida tarqatilayotgan xabarlardan tumanga oidlarini saralab berish kerak. Qaysi kanalga kirsang, bir xil ma`lumot bo`lsa, bezib qolasan kishi.
Viloyat hokimligi kanali ko`p a`zoga ega ekan, ortidan mahalliy hokimliklarni ham tortishi kerak. Buning uchun zarur havolalar berilsa kifoya.
Hokimiyat vakili iddaosi
Hokimiyat tizimida matbuot kotibi bo`lgani yaxshi baribir. Ishimiz ko`rinadi. Avval juda ko`p ijobiy ishlarimiz qolib ketib, bir-ikkita tanqidiy maqola yo ko`rsatuv sabab ishlamayotganga chiqib qolardik. Matbuot kotiblari "balans"ni ta`minlab berayapti, faoliyatimizni aks ettirayapti, tanqid bo`lsa, javob qaytaryapti.
Lekin masalaning yana bir jihati ham bor, hamma ishni biz qilamiz-da, rahmatni matbuot kotibi eshitadi. Misol uchun, bir tadbirkorga yordam berib, ishini gullatib yuborishiga hissa qo`shsak, biz emas, bu haqda axborot joylagan xodimga hokimbuva minnatdorlik bildiradi.
Biz erta tongdan kelib, yarim tungacha qiladigan ish bilan qiyoslasak, matbuot kotibi har kuni qo`yadigan 3-4 ta xabarning hech bir qiyin joyi yo`q. Lekin shu holdayam uning bizdan ko`p oylik olishi (ustama bor-da) qandaydir adolatsizlikday tuyuladi. Buning ustiga agar biror joyda tanqidiy maqola chiqadigan bo`lsa, masala bilan matbuot kotibi emas, biz shug`ullanamiz. Chunki baribir u sohamizni tushunmaydi, nozik jihatlarini bilmaydi. Matbuot kotibi o`tirgan joyida bizga "munosabat bildirishimiz kerak" deb qo`ysa bo`ldi, qolgani o`zimizga qoladi. Xullas, matbuot kotibi haqida "kam ish qiladigan, ammo ko`p imtiyozga ega xodim", degan ta`rif bersak bo`ladi.
Matbuot kotibi iqrori
To`g`risi, o`tgan yilgi qaror ko`p narsalarni va`da qilgandi. Unda "davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari bir vaqtning o`zida davlat organi va tashkiloti rahbarining matbuot kotibi hisoblanib, axborot siyosati masalalari bo`yicha rahbarning maslahatchisi maqomiga ega bo`ladi hamda mehnatga haq to`lash, tibbiy va transport xizmati ko`rsatish shartlariga ko`ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o`rinbosariga tenglashtiriladi", deyilgan band ko`p jurnalistlarni o`ziga mahliyo etgan, kelajagi noma`lum gazetada abjag`im chiqib yuramanmi, deb turli tashkilotlarga o`tib ketishgandi.
Hujjatda aytilganidek bo`lsa, hozir 7-8 million so`m oylik olishimiz kerak edi. Dastavval maosh 1 million so`mdan sal oshiq edi, hozir 2 milliondan oshadi. Hujjatlarda obodonlashtirish idorasiga ishga olingan, amalda matbuot kotibligini qilib yurganlar ham bor safimizda. Shuning uchun kotiblikni, ayniqsa u hokimiyatda bo`lsa, ko`p jurnalistlar juda xohlashmaydi. Ustamani hamma hokimlikdayam to`lashayotgani yo`q. Mirishkorda matbuot kotibiga mashina berishgandi, qolgan tumanlarda bu haqda o`ylab ko`rilganiyam yo`q. Kompyuter, fotoapparat berilganidan mamnun bo`lib turibmiz.
Tahririyatda bitta boshliq bo`lsa, hokimiyatda o`nta boshliq, hokim, o`rinbosarlari, hokim yordamchisi, "orgotdel", uning xodimlari...
Ish vaqti tahririyatda soat oltida tugardi, bu erda kechki 10-12 gacha o`tiraverasiz. Chunki hokim kuni bo`yi joylarda yuradi, kechga kelib qog`oz-hujjatlarni ko`radi, hokim ishxonada ekan, uyga qaytib bo`lmaydi. Shanba-yakshanbaning ahamiyati yo`q.
Eng qiyini, bizda hokimlar tez-tez almashadi. Har bir hokimga ma`qul kelishning esa o`zi bo`lmaydi. Oxir-oqibatda har biriga har xil ko`rinishga urinaverib buqalamunga aylanib ketmasak bo`lgani...