O`zbekiston—Qirg`iziston chegarasidagi Botken viloyatiga tutash, Farg`ona viloyati tarkibidagi So`x tumanida joylashgan Chashma qishlog`ida 31 may, yakshanba suv uchun katta janjal ro`y berdi.
Internetda tomonlar bir-birini toshbo`ron qilgani, chegara simto`siqlarini ko`chirib olishga uringani aks etgan videolar tarqaldi. Shu kunning o`zida O`zbekiston hukumati tomonidan vaziyat to`liq nazoratga olindi.
1 iyun kuni esa internetda So`x tumanida o`tgan yig`ilishda viloyat hokimi tomonidan tuman aholisiga tahdid qilingani haqidagi audio tarqaldi.
Unda shunday deyilgan:
«So`xliklar – noshukr odamlar» degan sarlavhali maqola tayyor turibdi gazetada. Bugun televideniedayam ketsinmi, Farg`ona televideniesida?
Noshukrchilik qilmasin. Ikkinchi masala, Lenburg qishlog`idagilar shunday qilaversa boshqacha gap ketadi. Juda yaxshi bilasizlar, qaysi qishloq janjalkash bo`lsa, biz uni So`x tumani xaritasidan nima qilamiz Farhod aka. So`x tumani xaritasidan o`chirib qo`yamiz. Hamma ta`minot to`xtaydi. Tushunarlimi yoki tushunarli emasmi? .
Hokim suxliklarni katta tashvish bo`layotganligini, buning uchun 74 yigitning ro`yxati qamash uchun ichki ishlar boshlig`i, prokurorda tayor turganligini aytgan.
Ma`lum bo`lishicha, viloyat hokimi 2 iyun kuni So`xga borib, aholidan uzr so`ragan va tartibsizlikda ishtirok etganlar jazolanmasligiga va`da bergan.
«Men harbiylarga ham, ichki ishlar organlari xodimlariga ham aytaman. Bilib-bilmay sho`xlik qilgan yoshlarga tegishmaydi.
Men qolaman, bir-ikki oqsoqollar qolsin, bizning ishlashimizga xalal bermanglar. Men tirik bo`lsam, bir qarich erimni ham, bir paqir suvimni ham hech kimga berib qo`ymayman. Shuning uchun, sizlardan iltimos, ishlashimga xalaqit qilmanglar. Jon ukalar, yoshlik qilib qo`ymanglar, harbiylarning ishiga ham, chegarachilarning ishiga ham, mening ishimga ham xalaqit qilmanglar. Qizishganning foydasi yo`q. Hamma masalani echamiz. Sizlar noto`g`ri ish qilmanglar, biz o`zimiz hal qilamiz», degan viloyat hokimi.
O`zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 1 iyun kuni So`x mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda so`xlik faollar viloyat hokimi Shuhrat G`anievning faoliyatidan qattiq norozilik bildirishgan.
Internetda tarqalgan videoda Bosh vazir bilan uchrashuvda so`zga chiqqan mahalliy faollardan biri «Suxni shu kunga tushishiga G`aniev aybdor. U nafaqat Suxni balki Farg`ona viloyatining dushmani» degan. Uning so`zlari boshqalar tomonidan olqishlanadi.






