AsosiyJamiyat

Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi

'Oliy Majlis Senati huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etiladi'ning rasmi

“Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish bo`yicha Senat Kengashi qarori, Yoshlar parlamenti Nizomi va Yoshlar parlamentini tashkil etish hamda faoliyati samaradorligini ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi loyihalari ishlab chiqildi. Ayni paytda ular mahalliy Kengashlarda muhokama etilmoqda.

Ushbu loyihaga ko`ra, Yoshlar parlamenti a`zolari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi turli yo`nalishlarda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor, yuksak ma`naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat`iy hayotiy nuqtai nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega 18 – 30 yosh  bo`lgan fuqarolar orasidan gender tenglik ta`minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni ham jalb qilgan holda jami 100 nafar etib shakllantiriladi.

Bunda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga saylangan yoshlar vakillaridan har bir hududdan teng miqdorda 6 nafardan jami 84 nafar va O`zbekiston Yoshlar ittifoqi tavsiyasiga ko`ra 10 nafar hamda Senatning Yoshlar madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tavsiyasiga binoan 6 nafar yoshlar Senat Kengashi qarori bilan Yoshlar parlamenti a`zoligiga tasdiqlanadi.

Yoshlar parlamentining raisi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tavsiyasiga ko`ra Yoshlar parlamentining yalpi majlisida a`zolar tomonidan saylanadi.

Yana bir jihat. Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirib borishga Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi mas`ul hisoblanadi.

Yoshlar parlamenti tomonidan qabul qilingan hujjatlar tavsiyaviy xarakterga ega bo`ladi va hujjatlarni tayyorlash hamda rasmiylashtirish bilan Yoshlar parlamenti kotibi shug`ullanadi. Yoshlar parlamenti kotibi Yoshlar parlamenti raisi tavsiyasiga ko`ra Yoshlar parlamenti a`zolari tomonidan saylanadi.

– Yoshlar parlamentida quyidagi komissiyalar faoliyat olib boradi:

– Ilm-fan, madaniyat va turizm masalalari komissiyasi;

– Sport, sog`lom turmush, ijtimoiy masalalar va ekologiya komissiyasi;

– Kompyuter texnologiyalari, innovasion g`oyalar, startaplar va agroklaster masalalari komissiyasi;

– Kitobxonlikni keng targ`ib qilish va qonunchilik masalalari komissiyasi;

– Bandlik va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash masalalari komissiyasi;

– Gender tenglik masalalari komissiyasi.

Yoshlar parlamenti a`zolari qonun loyihalari muhokamalarida ishtirok etadi. Belgilangan maqsad va vazifalari hamda yo`nalishlaridan  kelib chiqib konferensiya, davra suhbati, seminar, hududlardagi yoshlar bilan uchrashuv va boshqa tadbirlar tashkil qiladi.

Yoshlar parlamenti a`zolarining majlisi zaruratga qarab o`tkaziladi, u Yoshlar parlamenti raisi tomonidan chaqiriladi.

Yoshlar parlamentining har bir a`zosi o`zi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini o`rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o`rtasida muhokama qiladi.

Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta`minlash, bo`lg`usi Senat a`zolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo`naltirib borish kabi vazifalarni bajaradi.

Yoshlar parlamenti Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etiladigan yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan jamoatchilik asosida tuziladigan maslahat organi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi qonun chiqaruvchi va ijro organlari kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar