AsosiyJamiyat

VIII Xalqaro tibbiyot ko`rgazmasi o`z ishini boshladi

Joriy yilning 29 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da VIII xalqaro ixtisoslashgan “UzMedExpo-2015” tibbiyot ko`rgazmasi ochilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda “UzMedInfo” markazi axborot xizmati xabar beradi.

Aholi salomatligini muhofaza qilish davlatimizning ustivor vazifalaridan hisoblanadi. Mamlakatimizda tibbiyot muassasalarining optimal tarmog`i yaratilib, eng ilg`or uskunalar bilan jihozlanayotgani samarasida O`zbekiston aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sifati bo`yicha dunyodagi etakchi mamlakatlar safidan joy olmoqda.

Bugungi kun tibbiyotini zamonaviy tibbiy uskunalarsiz, eng yangi dori vositalarisiz tasavvur etish qiyin. An`anaviy tarzda o`tkazib kelinayotgan xalqaro tibbiyot ko`rgazmasi tashxis va davolash sohasidagi eng yangi axborot texnologiyalari bilan tanishish, mamlakatimiz tibbiyotiga ilg`or xorijiy ishlanmalarni tatbiq qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga esa o`z faoliyatlari va erishgan yutuqlarini namoyish etish imkonini beradi.

“O`zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni ma`lumotlariga ko`ra, 2014 yilda umumiy qiymati 309,45 million AQSh dollariga teng 31 ta yangi investisiya loyihalarini ijro etishga kirishilgan, 2015 yilda 23 ta loyihani yakunlash ko`zda tutilmoqda. Ushbu amaliy harakatlar natijasida ampula, tabletka va infuziya preparatlari, shisha farmasevtika idishlari ishlab chiqarishga mo`ljallangan qo`shimcha zamonaviy yuqori texnologik quvvatlar ishga tushirildi. Buning natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar suyuq dori vositalariga, bog`lash materiallariga bo`lgan talabni to`liq qondirishmoqda. Tabletkalar, in`eksiya va infuziya eritmalari, mazlar, antibiotiklar, immunobiologik preparatlarga bo`lgan talab 20 foizdan 40 foizgacha qoplanmoqda.

“UzMedExpo” xalqaro tibbiyot ko`rgazmasi soha mutaxassislarini tibbiy-ilmiy yangiliklar va ishlanmalar, innovasion loyihalar bilan tanishtirish, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning o`zaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– Bugun o`zbekistonlik mutaxassislarni mamlakatimizda ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bilan tanishtirish maqsadida Belarus Respublikasi Sog`liqni saqlash Vazirligi vakili sifatida ishtirok etmoqdamiz, – deydi Belarus Respublikasi klinik stomatologiya poliklinikasi stomatologiya bo`limi boshlig`i Oksana Graxovskaya. – Belarusda tibbiyot turizmi faol rivojlanmoqda va bu davlatlarimizning sog`liqni saqlash sohasida o`zaro munosabatlarini yanada yaxshilashidan umid qilamiz.

– Men mazkur ko`rgazmada kompaniyamiz mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati tug`ilganidan, shuningdek, O`zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligini yo`lga qo`yish imkoniyatidan juda xursandman, – deydi «ULTRA SCANNER TECHNOLOCY SERVICE» MChJ vakili – SAMSUNG MEDICON kompaniyasining O`zbekistandagi rasmiy distribyutori Kim Sun Xak. – Ko`rgazma stendlari bilan tanishib, O`zbekistonda tibbiy muassasalarning barcha bo`g`inlarida yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko`rsatish yaxshi yo`lga qo`yilganiga amin bo`ldim.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O`zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni, Xorijiy farmasevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari uyushmasi tomonidan “IEG Uzbekistan” xalqaro ko`rgazma kompaniyasi ko`magida tashkil etilgan “UzMedExpo-2015” tibbiyot ko`rgazmasida O`zbekiston, Xitoy, Germaniya, Shvesiya, Ukraina, Rossiya, Fransiya, Isroil, Turkiya singari davlatlardan o`nlab korxona va firmalar ishtirok etmoqda. Ko`rgazma stendlarida dori-darmon, tibbiy diagnostika, laboratoriya va davolash uskunalari, tabiiy farmasevtika va kosmetika mahsulotlari, rentgenologiya, stomatologiya, fizioterapiya, jarrohlik, kardiologiya, tibbiy reabilitasiya va boshqa sohalarda qo`llaniladigan yangi preparatlar, texnika va texnologiyalar, sanitariya va gigiena vositalari, tibbiyot sohasi uchun maxsus mebellar, mineral qo`shimchalar va vitaminlar namoyish etilmoqda.

Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar jarayonida asosiy e`tibor aholi salomatligini muhofaza qilishga, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar va keksalarni har tomonlama qo`llab quvvatlashga qaratilgan. Ushbu xayrli ishlar ko`lami “Keksalarni e`zozlash yili” Davlat dasturi doirasida yanada kengaytirildi. Mazkur dasturning III bo`limida ko`rsatilgan choralarni bajarish doirasida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan hisobot davrida choralarning butun bir majmuasi amalga oshirildi. Buning natijasi esa aholi salomatligining yildan-yilga yaxshilanishida yaqqol ko`zga tashlanmoqda.

Xalqaro ko`rgazma o`z ishini 1 oktyabrga qadar davom ettiradi.

 

 

    Boshqa yangiliklar