AsosiyJamiyat

Vazirlik yangi o`quv yildan darslar onlayn bo`lishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi

'Vazirlik yangi o`quv yildan darslar onlayn bo`lishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi'ning rasmi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli e`lon qilingan karantindan keyin o`quvchilarni bilim olishi uchun Online-maktab loyihasi doirasida 3 ta telekanal orqali videodarslar namoyish etildi.

Ikki yarim oy davomida 3900 dan ziyod videodarslar tasvirga olindi va efirga uzatildi.

Mazkur loyihani yanada takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta`limi tizimida onlayn ta`lim berish faoliyatini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va regulation.gov.uz saytiga muhokama uchun e`lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko`ra, koronavirus pandemiyasi davrida televizion videodarslar namoyish etilgan uchta telekanaldan “Online-maktab” loyihasini davom ettirish maqsadida foydalaniladi va yanada takomillashtiriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida 2020 yil 1 avgustdan boshlab, 2020/2021 o`quv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olishni yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida televizion videodarslar har o`quv yili davomida efirda namoyish etib boriladi.

Online-maktab loyihasi doirasida jalb etiladigan o`qituvchilarga har bir televizion videodars va videomashg`ulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qo`shimcha haq to`lash taklif etilmoqda.

Online-maktab loyihasining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:

  • umumiy o`rta ta`lim tizimida masofaviy o`qitish tizimini takomillashtirish;
  • televizion videodarslar tayyorlash bo`yicha ilg`or xalqaro tajribalardan foydalanish;
  • umumiy o`rta ta`lim tizimiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish;
  • o`quvchilar va o`qituvchilarni xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga (PISA - 15 yoshli o`quvchilarning o`qish, matematika va tabiiy yo`nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash, PIRLS - boshlang`ich 4-sinf o`quvchilarining matnni o`qish va tushunish darajasini baholash, TIMSS – 4 va 8-sinf o`quvchilarining matematika va tabiiy yo`nalishdagi fanlardan o`zlashtirish darajasini baholash, TALIS - rahbar va pedagog kadrlarning umumiy o`rta ta`lim muassasalarida o`qitish va ta`lim olish muhitini hamda o`qituvchilarning ish sharoitlarini o`rganish va boshqa) tayyorgarligini kuchaytirish;
  • barcha umumta`lim fanlari, birinchi navbatda STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, san`at va matematika) (keyingi o`rinlarda - STEAM) fanlarining o`qitish sifatini oshirish;
  • o`quvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, etakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni echish kabi XXI asr ko`nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;
  • o`quvchilarga o`quv materiallarini chuqur o`rganishga va takrorlashga imkoniyat yaratish;
  • bosqichma-bosqich fanlar va sinflar kesimida barcha mavzular bo`yicha videodarslar bazasini yaratish;
  • etakchi umumiy o`rta ta`lim muassasalari, oliy o`quv yurtlari va boshqa ta`lim muassasalarining ilmiy va metodik salohiyatlaridan foydalanish orqali ta`lim berish sifatini oshirish.

Online-maktab loyihasi doirasida darslarni tasvirga olishda quyidagilarga alohida e`tibor qaratiladi:

  • o`quvchilar tomonidan o`zlashtirilishi murakkab bo`lgan mavzularni kengroq ochib berish;
  • amaliy mashg`ulotlar va virtual laboratoriyalarni namoyish qilish;
  • darslik va o`quv dasturlariga qo`shimcha tarzda qiziqarli va foydali ma`lumotlarni berib borish;
  • o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish;
  • o`qituvchilar tomonidan ilg`or xorijiy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;
  • televizion videodarslarni o`zbek, rus va ayrim fanlardan ingliz tilida namoyish qilinishini tashkil etish choralarini ko`rish.

2020 yil 1 sentyabrga qadar televizion videodarslardan foydalanishda o`quvchi, o`qituvchi va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida www.maktab.uz platformasi yaratiladi va umumta`lim muassasalar tizimida yagona markazlashgan virtual (onlayn) maktab sifatida tatbiq etiladi.

Maktab.uz platformasida o`quvchilarda ta`lim olishga bo`lgan qiziqishni uyg`otadigan zamonaviy mexanizmlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

O`quvchilarning bilim salohiyati, o`zlashtirilmagan darslarni aniqlaydigan testlar ishlab chiqilib, ular asosida o`quvchilarga yordamchi o`quv darslarini, tematik o`yinlarni tavsiya etadigan va ota-onalar hamda o`qituvchilarga bolaning bilim olish jarayonidagi mavjud kamchiliklari haqida xabar beradigan tizim yo`lga qo`yiladi.

O`quvchilarning onlayn ta`lim olishga bo`lgan qiziqishini rag`batlantirish maqsadida tegishli telekanallar va maktab.uz portalida bolalar viktorinalarini tashkil etish taklif etilmoqda.

Maktab.uz portalini rivojlantirish maqsadida mazkur portalni mobil aloqa operatorlari tomonidan doimiy ravishda beg`araz targ`ibot ishlari (mijozlarga SMS xabarlar orqali va qo`shimcha xizmat tariqasida) olib borish taklif etilmoqda.

O`quvchilarni geografiya, texnologiya, fizika, kimyo, biologiya, zoologiya, jahon tarixi va boshqa fanlarga qiziqishini yanada oshirish maqsadida Discovery, National Geographic va BBC kabi xorijiy media-korporasiyalar bilan hamkorlikda, ularning hujjatli ilmiy-ma`rifiy filmlarini o`zbek va rus tillariga tarjima qilinib, Online-maktab kanallarida efirga uzatilishini hamda maktab.uz portaliga bosqichma-bosqich integrasiya qilish ishlarini amalga oshiradi.

O`quvchilarni yurtimiz tarixi, tarixiy obidalari, er osti tabiiy boyliklari, ularning topilish tarixi va qayta ishlaydigan milliy zavodlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ular haqidagi zamonaviy hujjatli filmlarni ishlab chiqib, Online-maktab telekanallari orqali efirga uzatish ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar