AsosiyJamiyat

Dunyo turizmi: pandemiyadan so`ng nimalar o`zgaradi?

'Dunyo turizmi: pandemiyadan so`ng nimalar o`zgaradi?'ning rasmi

Ma`lumki, karonavirus pandemiyasi oqibatida butun dunyo bo`ylab e`lon qilingan karantinlar sababli turizm oqimi deyarli 90 foizga tushib ketdi. Turizm rivoji, kelajak turizmi va bu sohadagi ayrim islohotlar haqida  Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi qoshidagi "Ipak yo`li ofisi" direktori, Turizm laboratoriyasi rahbari Temur Mirzaev tahliliy maqola tayyorladi. Ushbu maqolada keltirilgan fikr-mulohazalarni e`tiboringizga havola qilmoqchimiz.

"Pandemiya tarqilishidan avvalgi turizm statistikaga nazar tashlasak, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yanada ortishda davom etayotgan edi. Shu tendensiya davom etganida 2019 yildagi 6.7 million ko`rsatgichidan bemalol o`tib ketish mumkin bo`lardi. Ammo pandemiya barcha mamlakatlarning barcha prognozlariga putur etkazdi. Mamlakatning iqtisodiyotiga katta zarar etib turganda kimning ko`ngliga sayru sayohat sig`ardi?!

Yurtimiz aholisi va turistlarning harakati cheklangan payt hunarmandlar faoliyati, mahsulot realizasiyasi ham turib qolgani aniq. Ammo mamlakat iqtisodiyotini oyoqqa turg`izadigan sohalardan biri turizm ekanligini unutmaslik va qo`l qovushtirib o`tirmasdan, xaridorlarni jalb qilish yo`llarini izlashni davrning o`zi ko`rsatib turibdi.

“Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da raqamli texnologiyalarni tadbiq qilish uchun yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, hunarmandlar faolligini oshirish, ijtimoiy tarmoqlarda o`z mahsulotlarini reklama qilish, onlayn savdo platformalariga ulanish, xorijga to`g`ridan to`g`ri sotish imkoniyatini yaratish bo`yicha malakalarni hosil qilish aholi daromadlarini sezilarni ko`payishiga imkon beradi.

Hukumat tomonidan soha rivoji uchun turli imtiyoz va rag`batlantirish mexanizmlari qator hujjatlarda o`z aksini topmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorining 7-bandida 2020 yil 1 yanvardan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar Milliy katalog va Reestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln so`mdan oshgan, biroq 1 mlrd so`mdan ko`p bo`lmagan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq to`lov stavkasi 2 foiz miqdorida to`lanadigan bo`ldi.

Prezidentimizning 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo`llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan esa, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar foyda solig`i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirildi.

 Qo`mita va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda hunar.uz sayti tashkil etildi va unda ro`yxatdan o`tgan turizm sohasidagi hunarmandlari o`zi 900 dan ortiqni tashkil etmoqda. Ushbu reestrdagi hunarmandlardan eng faollari har yili Qo`mita bir qator rag`batlantiriladi. Xorijdagi xalqaro ko`rgazmalarga qatnashish, mahsulotlari reklamasi va realizasiyasida ko`maklashish shular jumlasidandir. 

Joriy yilning boshida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi ko`magida “Tourism Lab”(Turizm laboratoriyasi) markazi tashkil etildi. Markaz turizm va boshqa ijtimoiy sohalarga xizmat qilishi mumkin bo`lgan innovasion loyihalarni ishlab chiqish, yangi milliy brend mahsulotlarini yaratish, loyihalarga yoshlarni jalb qilish varag`batlantirishkabi faoliyat bilan shug`ullanadi.

Hozirda buyuk ulamolarimiz va madaniy boyliklarimiz haqidagi filmlarni xorijiy tillarga tarjima qilish, O`zbekiston foto-xaritasi, eko-joynamoz, “O`zbekiston bo`ylab qo`g`irchoqlar sayohatda” spektakli, hududlarimiz logotiplari, Mo`ynoqda yashil labirint, HomeFitness sport ilovasi va Masjidfiner ziyorat turizm ilovalari, bolalar uchun “Sayohat odobi” qo`llanmasi kabi loyihalar ustida ish boshlangan.

Srafted.uz tizimi masalaga echim bo`la oladimi?

Turizm sohasidagi hunarmand mahsulotlari, asosan, xordiq va estetik iste`mol mollariga guruhiga kirishiga qaramay, soha vakillari vaqtni bekor o`tkazmasliklari muhim. Karantin davri va turizm mavsumining boshlanishiga qadar ham hunarmandlarimiz va ularning mahsulotini sotuvchi do`konchilar o`z vaqtlarini yangi turdagi suvenir mahsulotlarini yaratish, xorij tajribasini internet orqali o`rganishdan tashqari, turli xil tillarda boshlang`ich muloqot olib borishni o`rganishlarini taklif etgan bo`lardim. Crafted.uz platformasining ijtimoiy yo`nalishi hunarmandlarga bo`lg`usi haridorlar portreti va geografiyasini chizib olishda ham ko`maklashishi mo`ljallangan. Kimlar eng ko`p suvenir sotib oladi? Qaysi sayyoh qanday mahsulotga qiziqadi?Qaysi suvenir mahsulotidan ko`proq daromad tushadi? Qaysi millatdagi turistlarda xaridni ayol yoki erkak kishi qiladi? kabi savollarga javob topishuchun kerakli tadqiqodlar olib borish orqali, sohaga xorijiy grant va ekspertlarni jalb qilish orqali erishiladi.

Crafted.uz nomi “Crafted in Uzbekistan”jumlasiqisqartmasi bo`lib,ushbu tushuncha 2019 yilning dekabr oyidagi Yaponiyaga xizmat safarim bilan bog`liq. Kyoto shahrida bo`lib o`tgan YuNESKOningmadaniy merosni saqlash, yosh avlodga etkazish mavzusiga bag`ishlangan konferensiya juda samarali bo`lib o`tdi va shaharning tarixiy obidalari bo`ylab ekskursiyalar tashkil etildi. Ushbu obidalar yaqinida rastalarida sotiladigan nafisva yuqori sifatli “qo`l ishi” hunarmandchilik mahsulotlari, suvenirlarda “Made in Japan”yoki “Made in Kyoto”emas, “Crafted in Kyoto” yozuvini ko`rish mumkin edi.  Ya`ni, “Kyoto hunarmand ustalari tomonidan yaratilgan” degan ma`noni berardi. Bu erda ham joy nomiga hurmat, ham mahsulotga munosabat, e`tirof sezilib turardi. Chunki ingliz tilida “to craft”fe`li qo`l mehnati bilan, an`anaviy san`at orqali yaratish jarayoniga aytiladi. “To make” esa turli usulda, jumladan, zavod va fabrikadan chiqqan mahsulotga ham qo`llaniladi.

San`atmi sanoat yoxud QR kod qani?

Bizdagi sayyohlar uchun suvenir do`konlari va rastalardagi kulolchilik mahsulotiga bir nazar tashlab ko`ring-a!Qo`pol bichimli, vazniog`ir, ranglari tarqab ketgan hamda xarid qilingach maxsussinishdan himoyalovchi o`rami shay turmaydi. Gazeta yoki elim paketga o`rab beriladi. Aksar suvenir mahsulotlarida ishlab chiqaruvchi usta, ustaxona nomi va aloqa raqamlari, sayt yoki QR kod aks etganiga ko`zim tushmaydi. Bu kamchiliklar raqamli iqtisodiyotni qaerdan boshlashimiz kerakligini yaqqol ko`rsatib turibdi.

Ammo eng ko`ngilga botadigani, suvenir mahsulotlariningaksariyatida hatto “Made in Uzbekistan” yozuvi ham yo`q. Bu faqat kulolchilikdaemas, boshqa turdagi mahsulotlarda ham shu ahvol. Raqamli iqtisodiyot bozoriga kirishni istar ekanmiz, yurtimizga kelgan sayyohning 100 foizi smartfon bilan kelsa, xorijdagi potensial xaridorlarning 90 foizi smartfon va kompyuter orqli internetdan foydalanadi. Bu eskicha shaklda ishlash orqali hunarmandlarning yangi mijozlarni jalb qilish ehtimolligi 0 foizga tengligini ko`rsatib turibdi. To`g`ri, o`z hunarini maromiga keltirib, sayyohlar orasida ham, xorijiy ko`rgazmalarda, xususiy kolleksionerlar orasida ham tanilgan ustalarimiz, gilamdo`zlar, zargaru chevarlarimiz talaygina. Ularning mehnat va san`atini xorijda qadrlashadi, do`stlariga va sayohat bloglarida begonalarga ko`z-ko`z qilib, tavsiya etishadi.

Bizning maqsad, sayohatdan qaytayotgan mehmon o`zi bilan olib ketadigan esdalik, suvenirga sifat va estetik talab qo`yish, turli ijodkorlar bilan hamkorlikda milliy mahsulotlarsifati va imijini oshirish orqali ulargayuqori baho (narh) va status berishga xizmat qiladi. Shunda ularni xaridor sanoat emas, san`at mahsuloti sifatida qabul qiladi.

“Crafted in Uzbekistan” standarti aynan shu kamchiliklarni bartaraf etish orqali yangi brendlar, ustalar va innovativ suvenirlarni yaratishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo`llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorida 2020 yil 1 iyundan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo`lgan davrda respublika hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) xorijiy oshxona yoki alohida yo`nalish bo`yicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini etkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini etkazib berish bo`yicha xizmatlarni tashkil etish bo`yicha loyiha tashabbuskorlariga loyiha qiymatining 30 foizi, lekin har bir loyiha uchun 100 million so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda grantlar ajratish belgilandi.  Bu qarorning qabul qilinishi soha rivoji uchun ayni muddao bo`ldi.

Hozirda “Crafted in Uzbekistan” tizimi doirasidacrafted.uz sotuv platformasi ham ishlab chiqilmoqda.Bu platforma ichki va xorijiy xaridorga mahsulotni sotish ko`lamini kengaytirish, hunarmand-xaridor to`g`ridan-to`g`ri muloqotini o`rnatish (onlayn savdo platformalari, elektron to`lov tizimi), logistika (xalqaro pochta orqali etkazib berish) tizimi,suvenirlarni yaratishdagi kreativ jarayonga barcha iqtidorli san`at vakillarini jalb qilish va rag`batlantirish tizimi (gonorar va lisenziyalash)ni joriy etish kabi imkoniyatlarni o`z ichiga oladi.

Ushbu loyihaning yana bir ijtimoiy jihati – suvenir sohasiga qiziqayotgan uy bekalari va  talaba yoshlaruchun onlayn va offlayn konsultasiya, video mahorat darslari yaratiladi.Ayni paytda ularning mahsulotlarini sotishda ko`maklashish tizimi bo`yicha ish olib bormoqdamiz. “Tourism Lab” jamoamiz bukatta masshtabli ishlarni qog`ozdan hayotga ko`chirish uchun turli davlat vazirlik va idoralari, mahalliy va xorijiy NNTlar bilan hamkorlikka chaqirmoqda. Hozirgacha Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti, Kamoliddin Bexzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn instituti, “Engilsanoat” uyushmasi, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi kabi tashkilotlar ushbu loyihalarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.

Mudrab yotgan sohani uyg`otib,oyoqqa turg`azish va uni ilg`orlar qatoriga olib chiqish uchun davlat tashkilotlari, xususiy ijodkorlar va NNT lar bilan yaqindan hamkorlik va xorijiy grant mablag`larini jalb qilish juda muhim. Oldimizda turgan rejalar katta jamoaviy mehnatni talab qiladi. Hududlarga xos mahsulotlar onlayn xaritasini yaratish, ustalar mahsulotini brendlash, sifatni baholash tizimini yaratish, yangi prototiplarni yaratish va targ`ib qilish, eng namunali ustaxonalarga ekskursiyalarga onlayn buyurtma berish kabi xizmatlar loyihaning ko`lamini ko`rsatib beradi. Aytish kerakki, yakunda mahsulotlar sifati ta`minlanib, yangi ekosistema yaratilgach, “Xonobod-Mo`ynoq turizm magistrali” yo`l yoqalarida va asosiy turizm markazlarda crafted.uz brendi ostidagi suvenir do`konlari tashkil etiladi.

An`anaviy innovasiya nega kerak?

An`anaviy hunarmandchilik bir necha asrda rivojlanadi, uni o`zgartirishga, innovasiya orqali yangi mahsulot turlarini yaratishga xojat yo`q, deb o`ylaydiganlar yo`q emas oramizda.Dunyo bo`ylab sayyohlar o`rtacha yoshi pasayib bormoqda, ohirgi yillardagi tendensiya individual turizm rivojini ko`rsatayotgandi. Pandemiyadan keyin esa guruh bo`lib sayohat qilish keskin kamayib ketadi. Odam o`zi sayohat qilganida esa sheriklar bosimiga berilmay, shoshmay o`zining yuragiga o`tirgan mahsulotni sotib oladi. Bugun sayyohga bir marta sotib olib, yillab javonda changib yotadigan narsalar kerak emas. Unga O`zbekistondan olib ketgan esdalikdamilliy san`atlar, naqshlar, boshqa o`lkada topilmaydiganoriginallik bilan bir qatorda kundalik turmushda, ofisdafoydalana olish imkoniyati bo`lishi juda kerak.

Qohirada pupirusli bloknot, Venesiyada murano shishasidan kalit brelogi, Seulda kumushdan ovqat tayoqchalari, Jakartada batik matosidan galstuk, Sankt-Piterburgda Sovet Ittifoqi rahbarlari tasvirlangan matryoshkaning eng ko`p xarib qilinayotgani aynan an`anaviy innovasiyaning foydasidir. Shu qadimgidek ko`ringan matryoshkani esa 1890yillarda rassom Serge y Malyutin yapon qo`g`irchog`idan ilhomlanib yaratgan.

Yangi suvenirlarda ana shu jihatlar hamohang bo`lsa sayyohlar daromad keltirishi bilan birga xorijda yurtimizni bir necha yil bepul reklama qiladi, yangi mehmonlarni yurtimizga jalb etadi.

Ikki salbiy jihat

An`anaviy hunarmandchilik tamoyillari asosida, qo`l mehnati bilan, oilaviy yoki usta-shogird bo`lib mahsulot yaratadigan kulol, zargar, temirchi, to`quvchi kabi yuzlab sohadagi ustalarimizdan, faqat ularning mahsulotlarini sotish bilan shug`ullanuvchi shaxslarni, chayqovchilarni farqlash zarur. Bizda turizmdagi sotuv bilan bog`liq ikki jihat salbiy taassurot qoldiradi. Biri arzonga keltirilgan va Xitoy fabrikalarda yasalgan “Made in China” suvenirlarni milliy mahsulotdek taqdim etilishi. Bu bir guruh sotuvchilar uchun foyda bo`lsa ham, hunarmandlarimiz va milliy an`anaviy mahsulotlar uchun zarar keltiradi. 

Ikkinchisi, YuNESKO himoyasidagi, g`ururimiz bo`lgan me`moriy obidalarimizdan savdo markazi vazifasida foydalanish – Registon maydonidagi ulug`vor Ulug`bek va Sherdor madrasalari, O`rta Osiyodagi eng katta sanalgan Buxorodagi Ko`kaldosh madrasasi, Ichan Qal`adagi ma`rifiy va ma`muriy binolar Sovet davrida asl funksiyasidan ayrilib, do`kon sifatida foydalanishga ruhsat berib qo`yilgan. Ammo mustaqillikdan keyin ham binolar ma`muriyati ushbu binolarimizni qadriga etmay, ijaraga berib qo`ygan.

XV-XVI asrlarda ilm-ma`rifat o`chog`i bo`lgan, islom arxitekturasi san`ati durdonalari bo`lgan binolardando`kon qilib foydalanishni kim o`ziga ep ko`radi. Bunday munosabatni ko`rib xayolga – otasidan meros qolgan olmosni faqat yong`oq chaqish uchun foydalangan boyvachcha hikoyasi esimga keladi.

Muammolar ustidan ko`z yosh to`kish emas, amaliy echim taklif qiladigan davrda yashayapmiz. Madaniy meros ob`ektlari hududidan barcha zamonaviy elementlarni chiqarib tashlab, doimiy ravishda O`rta asr muhitini hosil qilib, mahalliy aktyorlar ishtirokida madrasa hayotidan sahna ko`rinishlari ko`rsatilsa yohud zamonaviy madrasa tashkil etilsa, bu boshqa gap. Bunda sayyohlar 10 barobar ko`proq zavqlanib, 10 barobar ko`p vaqt va naqd sarflashadi.

Sotuvchilar bo`yicha esa, o`zim guvohi bo`lgan, millionlab sayyoh qabul qiladigan 4 ta obida boshqaruvini misol keltirsam. Toj Mahal (maqbara, Agra shahri), Borobudur (hinduizm ibodatxonasi, Yogyakarta shahri, Indoneziya), Kolizey (ommaviy tadbirlar maydoni, stadion, Rim shahri), Fushimi Inari Taisha (shintoizm ibodatxonasi, Kyoto shahri) obidalari hududida birorta savdo do`koni yo`q. Aksincha, obidaga kirish va chiqishda labirint sifat rastalar, suvenir ko`chalari tashkil etilgan. Bu esa ziyorat bilan tijoratni samarali ajratilganiga oddiy bir misol.

E-haridlar miqdori keskin oshmoqda

Ma`lumotlarga qaraganda, Xitoy, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Rossiya Frederasiyasi fuqarolari shopping uchun ko`p pul sarflashar ekan. Bizda hukumatimiz tomonidan ushbu mamlakatlarning barchasi uchun yoki viza tizimi bekor qilingan, elektron viza olish qulayligi yaratilgan. Bu pandemiya asoratlari tarqab, xorijiy turistlar oqimi qayta tiklanganda hunarmandlarimiz uchun daromadlarini oshirib olishga qulay sharoit yaratadi. Ammo bozor iqtisodiyotidagi raqobat, muntazam yangilanayotgan innovasiya hunarmandlarimiz uchun vizasiz tizim, Ipak Yo`lida joylashgan eng xavfsiz va jozibador mamlakat sifatidagi obro`mizning o`ziga ishonib qolmay, mas`uliyat bilan o`z ustida ishlash talabini ham qo`yadi.

Nufuzli McKinsey, Visa, Statika kabi xalqaro tashkilotlar tadqiqodlari shuni ko`rsatadiki, dunyo bo`ylab bank to`lov kartalaridan to`lovlarda foydalanish 2012-2017 yillarda 9 foizga oshgan, Shimoliy Amerika qitasida 50 foiz to`lov elektron tarzda amalga oshirilgan bo`lib, bir yilda o`rtacha bir kishi tomonidan 450 marta pul transaksiyasi amalga oshiriladi.

Raqamli to`lovlar yiliga o`rtacha 12,8 foizga oshmoqda va 2017-2023 yillar mobaynida bu o`sish davom etishi tahmin qilinmoqda.

Visa Europe tashkiloti tomonidan 2017 yilda o`tkazilgan so`rovda ishtirok etgan yoshlarning 92 foizi kelajakda faqat mobil to`lov orqali xaridlarini amalga oshirishni aytgan. 2018 yilda tadqiqotga ko`ra esa, Xitoyda 2012-2017 yillar orqalig`ida tanilgan WeChat va Alipay elektron to`lov tizimlari sabab, e-xaridlar miqdori 8 barobarga – 4 foizdan 34 foizga ko`tarilgan.

Zamonaviy sayyoh bir mamlakatga tashrif buyurgach, eng katta harajatni turar joy uchun, keyingi o`rinda esa shopping (xarid) uchun sarflaydi. Shu sababdan o`z mahsulotining sifati, nafisligini ta`minlash bilan bir qatorda, hunarmand mahsulotni xaridorga taqdimoti (reklamasi, o`rami) va, albatta, qulay to`lov tizimini yo`lga qo`yganlik daromadni belgilovchi asosiy omillarga aylanib ulgurdi.  Hunarmandlarimiz, avvalo, raqamli iqtisodiyotgan tezroq o`tishlari talab etiladi. Bunda ijtimoiy tarmoqlar, onlayn do`konlarga mahsulot joylashdan tashqari zamonaviy to`lov tizimlari - MasterCard, Visa, Union Pay kabi halqaro to`lov kartalari bilan bir qatorda onlayn to`lov platformalariga ulanish, xizmatlariga to`lovni qabul qilishga ko`nikish zarur.

    Boshqa yangiliklar