8 iyun kuni Yangi Zelandiyada koronavirusga chalingan so`nggi odam tuzaldi va mamlakatda birorta ham bemor qolmadi. Bu haqda tarjumon.uz xabar bermoqda.
“Ushbu muhim hodisa haqiqatda juda yaxshi yangilik bo`ldi va bu butun Yangi Zelandiyaliklarning yutug`idir. Mamlakatimizda 28 fevraldan beri ilk bor koronavirusga chalingan birorta ham bemor qolmagani bizning bu kasallik bilan kurashdagi muvaffaqiyatimizni ko`rsatadi. Ammo, COVID-19 ga qarshi hushyorlikni saqlab qolishimiz muhimdir”, deydi Sog`liqni saqlash departamenti bosh direktori Ashli Blumfild.
Yangi Zelndiyaning koronavirus pandemiyasi davridagi harakatlari xalqaro miqyosda maqtovlarga sazovor bo`ldi. Bu erda etti haftalik qat`iy karantin choralari bo`lib o`tdi.
Yangi Zelandiyada umumiy hisobda 1154 kishi koronavirusni yuqtirib oldi va ularning 22 tasi vafot etdi.Mamlakatda 17 kundan beri yangi kasallanish holatlari kuzatilmayapti.
Sog`ayib chiqqan oxirgi bemor haqida ma`lumotlar oshkor qilinmadi. Ammo, taxminlarga ko`ra, u Oklanddagi qariyalar uyida yashovchi ellik yoshlar atrofidagi ayoldir.
“Bemorda so`nggi 48 soat ichida kasallik alomatlari aniqlanmadi va u tuzaldi,degan xulosaga kelindi. U hozirda izolyasiyadan chiqarildi”, deya xabar bergan Sog`liqni saqlash departamenti.
Endi Bosh vazir Yakinda Ardern Yangi Zelandiyani virus xavfliligi bo`yicha birinchi bosqichga o`tganini e`lon qilishi kutilmoqda.Bu bosqich virusga qarshi kurashda ishlab chiqilgan to`rt bosqichli tizimning eng past ko`rinishi hisoblanadi. Ushbu o`zgarishlarga binoan,mamlakat chegaralari yopiqligicha qoladi. Ammo,ommaviy yig`ilishlarga qo`yilgan ta`qiq va ijtimoiy masofani saqlash majburiyati bekor qilinadi.






